Breaking News

Musulmon jamiyatlarida matbuot davlat idoralari qo'lida


Amerika Islom Kongressi nomli huquqiy tashkilot nazarida Yaqin Sharqda va aksariyat musulmon davlatlarida ommaviy axborot vositalari hukumat nazorati ostida.

Aksariyati davlatga qarashli. Tashkilot bu jamiyatlarni matbuot erkinligini ta’minlashga da’vat etmoqda.

Izlanishlarga ko’ra Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada matbuot erkinligi eng quyi darajada.

Bu yerda jurnalistlar tinimsiz ta’qib qilinadi. Qayerga borgani, nima qilayotgani, kim bilan uchrashganini – hammasi kuzatib boriladi. Jinsiy zo’rlash, qiynoqqa solish odatiy holga aylangan, deydi Vashingtonda asoslangan huquqiy tashkilot – Freedom House – Ozodlik Uyi xodimi Richard Eyzendorf.

Arab jurnalisti Umran Salmon bu xulosani tasdiqlaydi. Muammo senzura emas, deydi u, balki matbuotning tamoman hukumat qaramog’ida ekani.

“Avval bosma matbuot tizgini tortilgan bo’lsa, endi hatto sun’iy yo’ldoshli telekanallar ham ular qo’lida. Internetdagi veb-saytlarga ham to’siqlar qo’yilmoqda. Arab davlatlarida bosma matbuotning ko’pi hukumatga qarashli. Tele va radiokanallar haqida-ku gapirishning hojati ham yo’q. Senzura deb hech kim boshini qotirib o’tirmaydi. Matbuot ularniki, demak, uning mazmuni ham ular xohlaganidek”, -deydi journalist Umran Salmon.

O’tgan hafta Pokiston hukumati internetdagi YouTube veb-saytini yopishga harakat qildi. Sabab, deydi ular, aksilislomiy kayfiyatdagi videotasvirlar jamiyat tinchligiga putur yetkazishi mumkin. Pokiston rasmiylarining sa’y-harakati tufayli sayt dunyoning boshqa davlatlarida ham ishlamay qolgan. Biroq bir kun o’tmay veb-sayt faoliyati qayta tiklandi.

Siyosiy tahlilchi Maniza Xusayn o’tgan yili Daniya matbuotida payg’ambar Muhammad haqida hajviy suratlar bosilgani musulmon dunyosida katta norozilikka sabab bo’lganini eslatadi.

“Musulmon jamiyati bu xildagi qaltis hazillarga toqat qilib tura olmaydi. Daniya matbuotining harakati arab davlatlaridagi ayrim rasmiylariga qo’l keldi. Hukumatlar o’z manfaati yo’lida bu voqeani atayin bo’rttirib, musulmonlarni gijgijladi”,- deydi olima.

Inson huquqlari bo’yicha tashkilotlar hisobicha hozir dunyoda 129 jurnalist qamoqda o’tiribdi. Musulmon davlatlarida panjara ortiga tashlanganlarning ko’piga hukumat yoki rasmiylarni, din yoki mavjud tuzumni haqorat qilganlik aybi qo’yilgan.

XS
SM
MD
LG