Breaking News

Pokistonda partiyalar Musharrafga qarshi koalitsiya tuzish harakatida


AQSh nazarida yaqinda Pokistonda o’tgan saylovlarda g’alaba qilgan siyosiy partiyalar birga ishlab, koalitsion hukumat tuzishi lozim.

AQSh Davlat kotibi muovini Jon Negroponte shu mazmundagi bayonot bilan chiqqan.

AQSh Senatining Tashqi Aloqalar qo’mitasida so’zlagan Jon Negroponte Bush ma’muriyati Pokiston yangi parlamenti bilan ishlashga tayyor deydi.

Parvez Musharraf hamon mamlakat prezidenti. AQSh uni strategik hamkor deb ataydi.

18 fevral saylovlarida ikki muxolif guruh - Pokiston Xalq Partiyasi hamda Pokiston Musulmon Ligasi parlamentda aksariyat o'rinlarni qo’lga kiritgan. Pezident Musharrafga sodiq partiyalar mag’lub bo’lgan. Xalq Partiyasi rahbari Osif Ali Zardari turli guruhlarni birlashtirib, Musharrafga qarshi kuchli koalitsiya tuzish harakatida.

Yaqinda Pokistonda bo’lib qaytgan amerikalik demokrat senator Jo Bayden AQShning Pokistonga nisbatan siyosatini saylov natijalariga qarab o’zgartirish lozim deydi.

“Mo’tadil, demokratiyani targ’ib qilayotgan guruhlar Pokistondagi siyosiy tizimning asosini tashkil etadi”, - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Jon Negroponte.

Senator Bayden Pokistonga noharbiy yordamni oshirish tarafdori. Ayniqsa Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarga e’tiborni oshiraylik deydi u.

Kelasi 5 yil ichida AQSh bu hududlarda ish o’rinlari yaratish, maktab va yo’llar qurish hamda aholi savodxonligini oshirish maqsadida 750 million dollar ajratgan. AQSh 2001 yildan beri Pokiston armiyasiga 10 milliard dollar miqdorida yordam bergan.

XS
SM
MD
LG