O'zbekiston yoshlari nimani orzu qiladi?


2008 yil O`zbekistonda Yoshlar yili deb e`lon qilingan. Buning sabablari haqida turli mulohazalar mavjud.

Tanqidchilar nazarida bu shunchaki siyosiy kampaniyaning davomi, ayrimlar fikricha, Yoshlar yili uzoq ko`zlangan dasturning bir qismi.

27 million fuqaro yashaydigan O`zbekistonda aholining sal kam 15 millionini yoshlar tashkil etadi.

Tahlilchilar ta’biricha, erkin jamiyatda mamlakat siyosiy yo`nalishini yoshlar ishtiroki hal etishi mumkin.

Ammo mamlakatda aksariyat yoshlarning ahvoli ayanchli, ular dunyoviy jamiyatdan chetda qolmoqda.

O`zbekistonda Yoshlar yili munosabati bilan qator dasturlar rejalangan. Korxonalarda, turli tashkilotlarda yoshlar yili munosabati bilan o`tkazilayotgan tadbirlar haqida hukumatga hisobot beriladi. Ommaviy axborot vositalarida bu tadbirlar muntazam yoritib boriladi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, sanoqsiz tadbirlar haqiqatda yoshlar muammosini ifoda etmaydi, aksincha, uni berkitadi.

O`zbekiston yoshlari bugun kimlar, ularning dunyoqarashi, intilishi, ijtimoiy ahvoli, axloq va madaniyati haqida nimalar deyish mumkin?

Sharlovchi To`lqin Qayumov bugungi yoshlarni shartli ravishda uch toifaga bo`ladi.

“Ma`lum bir toifa ko`proq axborot texnoligiyasi, internet bilan tanish, zamon bilan hamnafas bo`lishga urinayotgan yoshlar. Shuningdek, umuman dunyoviy jamiyatga kirmagan, avvalgi tushunchlar bilan yashayotgan, lekin dunyoga qo`shilishni istagan, biroq bunga imkoniyati bo`lmagan yoshlar bor. Ular asosy qatlamni tashkil etadi. Yangi bir toifa esa bu diniy-ma’rifiy tushunchlarni qabul qilgan, biroq dunyo yangiliklarini qabul qila olmagan, din bilan dunyo o`rtasidagi chorrahada turgan yoshlarni ko`rish mumkin. Albatta bu qarash nisbiy, lekin odam buni kuzatishi mumkin”, - deydi To`lqin Qayumov.

Tanqidchilarning aytishicha, Yoshlar yili siyosiy kampaniyadan boshqa narsa emas. Jumladan, Ijtimoiy himoya yili deb atalgan 2007 yil ijtimoiy muhofaza uchun hech narsa bermagani kabi, Yoshlar yili ham yoshlar uchun aniq yordam bermaydi.

To`lqin Qayumov yoshlar o`rtasidagi eng ayanchli muammo ma`naviy saviyaning qashshoqlashgani deydi.

Qishloq joylardagi yoshlar elektr chirog`i yo`qligi sababli dunyoviy jarayondan uzulib qolgan. Qishloqlarda kutibxonalar deyarli qolmagan.

“Qarashlari sayoz bo`lgan bir avlod yetishib chiqdi. 10-15 yil ichida shakllandi kitob o`qimagan avlod. Bu katta fojea. Agar ma`naviy-ma`rifiy hayot shu tariqa davom etsa, bu yoshlar faqat boshqariladi, ulardan boshqaradiganlar chiqmaydi ”, - deydi Qayumov.

Ayrim yoshlarda, jumladan, respublika “Kamolot” yoshlar tashkiloti faollarida 2008 yil umid uyg`otgan.

“Har bir yoshlar tashkilotining o`z harakat dasturlari bor. 2008 yil Yoshlar yili sifatida e`lon qilinishi bejiz emas. 65 foiz aholini yoshlar tashkil etadi. Kuchga to`lgan, g`ayratli yoshlar. Tashkilotlarni tuzishdan ham maqsad shu. Biz “Yoshlar va Parlament” degan tashkilot tuzganmiz. Hozirda 2008 yilga mo`ljallangan ish dasturini qabul qilish arafasidamiz”, - deydi “Kamolot” harakati faollaridan biri Bahodir Zaripov.

Sharlovchi To`lqin Qayumov nazarida bir hovuch yoshlar tomonidan tinimsiz yuritilayotgan targ`ibot yetarli emas.

“Bir guruh yoshlar deyarli har kuni televideniye orqali vatan va millat haqida, dasturlar haqida gapiradi. Vatan hech qachon reja asosida sevilmaydi. Bunaqa qo`lbola vatanparvarlardan faqat xalqqa ziyon. Mustaqillik, erk, ozodlik so`zlari shunchalar siyqalashtirildiki, odamlarga mustaqillik haqida so`z boshlasangiz, ularni ko`ngli qolgandek”, - deydi Qayumov.

Sharhlovchilar fikricha, Yoshlar yili quruq targ`ibot bilan cheklanmoqda. Yoshlar qatlami uchun, ularning real muammolarini echish yoki ishsizlik va imkonsizlikdan chet elga chiqib ketayotgan yoshlarni yurtga qaytarish uchun hech narsa qilinayotgani yo`q.

XS
SM
MD
LG