Dmitriy Medvedev, kutilganidek, prezidentlikka saylandi


Dmitriy Medvedev 70 foizdan ortiq ovoz olgan. May oyida vakolati tugayotgan Vladimir Putinning bosh vazir bo’lishi kutilmoqda.

Kommunistlar rahbari Gennadiy Zyuganov deyarli 20 foiz ovoz bilan ikkinchi o’rinda. Liberal-demokratlardan nomzod Vladimir Jirinovskiy 10 foiz ovoz yiqqan. Andrey Bogdanov – 1 foiz.

“Golos” nomli saylovchi huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot xodimi Liliya Shibanovaning aytishicha, tashkilotga ko’plab fuqarolar qo’ng’iroq qilib Medvedevga ovoz berishga majburlangani haqida shikoyat qilgan.

Uningcha, mahalliy hokimiyatlar, Kreml ko’rsatmasi bilan, saylovda muayyan natijani ta’minlashga uringan.

Rossiya, deydi Medvedev, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi bilan munosabatlarini yaxshilaydi. Yangi prezident sifatida avvalo shu davlatlarning biriga tashrif buyurmoqchi.

Yevropa Parlamenti assambleyasidan kuzatuvchilar guruhi rahbari Andreas Gross fikricha saylov natijasi xalq istagini aks ettiradi, biroq nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishga teng imkoniyat berilmagani bois saylovni adolatli o’tdi deyish qiyin.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Krem qo’ygan cheklovlar sabab kuzatuvchilarini yo’llamagan.

Moskvada saylov natijasini qoralab namoyishga chiqqan muxolifatchilar militsiya bilan to’qnashgan. O’nlab odam hibsga olingan. AQShning Moskvadagi elchixonasi qarshisida esa bir guruh yoshlar namoyish o’tkazib, AQSh tashqi siyosatini tanqid ostiga olgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysining aytishicha Rossiyada demokratiya xavf ostida, prezidentlik saylovi bu xulosani o’zgartirgani yo’q.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner saylovda raqobat ruhida o’tmaganini qayd etgan, biroq Rossiya xalqi Medvedevni tanlagani aniq deydi u.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun Medvedevni g’alaba bilan tabriklagan. Rossiyaning yangi hukumatiga uning ishiga qarab baho beramiz deydi Braun.

Germaniya kansleri Anjela Merkel fikricha Rossiyada xalq davomiylik va barqarorlik uchun ovoz bergan.

XS
SM
MD
LG