AQSh urushdagi harbiylar ruhiyatidan qattiq xavotirda


AQSh armiyasi bosh qo’mondoni Iroq va Afg’onistonda xizmat qilayotgan askarlarning jismoniy va ruhiy ahvolidan xavotirda.

"Jang maydonida uzoq xizmat qilish",- deydi general Jorj Keysi, "harbiylar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Qurolli kuchlarga yaxshiroq g’amxo’rlik qilish kerak".

Bir askarning urushda, jumladan Iroq yoki Afg’onistonda bir yildan ortiq xizmat qilishi nafaqat unga, balki butun armiyaga og’ir tushadi. Chunki harbiyning madori quriydi – ham ruhiy, ham jismoniy.

"Askarlarimizga qarab, ularning naqadar charchaganini ko’rayapmiz. Mudofaa vaziri va men bunga har kuni guvohmiz. Bu holat bizni qattiq tashvishga solayapti. Masalaga yechim topmasak bo’lmaydi",- deydi general.

AQSh Senatining Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasi oldida hisobot berarkan, general Keysi urushda xizmat qilish muddatini hozirgi 15 oydan 12 oyga tushirish kerak dedi.

"Askar uyga qaytgach kamida bir yil dam olsin",- deydi qo’mondon. "Hordiq chiqarmasa, harbiyni urushga qaytarishdan foyda yo’q".

Lekin Iroq va Afg’onistonda jangarilar bilan to’qnashuvlar davom etarkan, qo’shin sonini kamaytirish nozik masala.

Haqiqat shuki qon va qalqon harbiy ruhiyatini buzadi. Natijada ular oilaviy hayotda ham qiynaladi. Armiyada ahloq va tartib talabga javob bermaydi. Askarlar orasida o’z joniga qasd qilish hollari ko’paygan.

AQSh Armiya vaziri Pit Geren "bundan hayron emasmiz" deydi. Harbiylar salomatligi ustida qayg’urish hukumatning oliy vazifasi. Askarlar vatanga qaytgach, ularga yordam berish lozim.

"O’z-o’zini o’ldirish hollari deysizmi, oilalarning buzilishi, ajrashish… Ayniqsa ayollar oilada qiynalmoqda. Biz urush faxriylariga qator qulayliklar yaratyapmiz. Ular sog’lig’ini saqlash uchun zarur choralar ko’rayapmiz. Harbiylar ruhiyati biz uchun o’ta muhim masala. Askarlar orasida ruhiy kasalliklardan azob chekayotganlar yordam so’rab kelmoqda. Biz buni tushunamiz",- deydi admiral Geren.

Armiya vaziri Kongressga “harbiylar salomat bo’lsin desangiz, mudofaa byudjetini oshiring”, - deydi. Kelasi yil uchun 141 milliard dollar so’ramoqda.

Shu yilning iyul oyiga borib AQShning Iroqda 140 ming, Afg’onistonda esa 32 ming qo’shini qoladi. Harbiylar sonini kamaytirish uchun, deydi rahbariyat, har ikki mamlakatda xavfsizlik sezilarli darajada mustahkamlanishi lozim.

XS
SM
MD
LG