AQSh Termizdagi aerodromdan foydalanishi mumkin


Afg’onistonda NATO tarkibida harakat qilayotgan Germaniya Termizdagi harbiy bazadan foydalanib keladi. AQSh harbiylari ham bu aerodromdan foydalanishga ijozat olgan bo’lishi mumkin.

Termiz bazasi Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun ko’prik rolini bajarib keladi.

AQShning O`zbekistondagi elchixonasiga ko`ra, bazadan foydalanishga ruxsat beruvchi bitim imzolanmagan.

Elchixona "Germaniya ijaraga olgan Termiz aerodromidan faqat NATO amaliyotlari uchun foydalanishi mumkin" deya bayonot bergan.

O`zbekiston masala yuzasidan izoh bermagan. Lekin NATOning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Robert Simmonsning aytishicha O'zbekiston aviabazadan boshqa davlatlar foydalanishiga qarshi emas. "Bilishimcha Qo'shma Shtatlar bu inshootni ishlatishni boshlamoqda",- deydi Simmons.

O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi orasida kechayotgan muloqot, AQSh admiralining O`zbekistonga safari, Afg’onistondagi mushkul vaziyat, O`zbekiston prezidentining bu borada bildirgan xavotiri, sharhlovchilar nazarida, shunday natijaga olib kelishi muqarrar edi.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxun “Afg'onistonda Hamid Karzay asta-sekin vaziyatni qo`ldan chiqarayapti. Toliblar kuchaygan. O`zbekiston chegarasida xavfli vaziyat yuzaga kelmoqda",- deydi.

"O`zbekiston rahbariyati Rossiyaga qaram bo`lishni istamaydi”, - deydi Po`lat Oxun.

Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha esa so`nggi paytda O`zbekiston Afg`oniston muammosini hal qilishda faolroq qatnasha boshlagan. Biroq, deydi u, bu faqat Kreml bilan kelishuv asosida amalga oshmoqda.

“AQSh va G`arb bilan munosabatlarni Islom Karimov Kremlning roziligi bilan rivojlantiradi. Rossiya qancha harakat qilmasin, g`arb darajasida sarmoya kirita olmaydi. 2005 yilgacha O`zbekistonning 70 foiz savdo aloqalari G`arb bilan bitar edi. Hozir 30-40 foizga tushib qolgan. Bu O`zbekiston uchun katta yo`qotish. Karimov Rossiya yetarli yordam bera olmaganini pesh qilib, G`arb bilan aloqani tiklashga majbur ekanini aytgan va bu borada Kreml bilan kelishgan”, - deydi Yo`ldoshev.

Po`lat Oxun nazarida Markaziy Osiyoga asosan uch davlat xavf soladi.

"Birinchisi, hozir aktual bo`lib turgan Afg`oniston, ikkinchisi Eron, uchinchisi mintaqa davlatlariga katta ta`sir o`tkazib, qaram qilishi mumkin bo`lgan Xitoy. Bunga qarshi hatto Rossiya ham yordam bera olmaydi. NATOning mintaqaga kirishi, harbiy bazalar qurishi bizni kelajakda global tahdidlardan himoyalab turishi mumkin”, - deydi Oxun.

Ayrimlar O`zbekistondagi vaziyat, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy islohotlarning juda sekin kechayotgani, repressiv siyosat ham mintaqa tinchligiga rahna solishi mumkin deb hisoblaydi.

NATO rasmiysi Robert Simmonsning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlarining yaxshilanishi inson huquqlari ravnaqi uchun xizmat qiladi.

XS
SM
MD
LG