Rossiya va AQSh bir-biriga umuman ishonmay qo'ygan


Rossiyada Dmitriy Medvedev prezident etib saylandi. Mamlakatni o’tgan sakkiz yil mobaynida boshqargan Vladimir Putin siyosatdan hali-beri ketmoqchi emas. Medvedev prezidentlikka may oyida kirishadi.

“Amerika Ovozi”ning Moskvadagi uzoq yillik muxbiri Andre de Neshnera ta’biri bilan aytganda hozir Rossiya va AQSh aloqalarida mavhum bir davr. Ko’plab tahlilchilar ham vaziyatga shunday baho bermoqda.

Rossiyada prezident o’zgaryapti. AQShda bu yil so’nggida yangi rahbar saylanadi. Har ikki hukumat ishga kirishib bo’lgunicha Vashington-Moskva o’rtasidagi kelishmovchiliklar barham topadi deyish qiyin.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida Rossiya siyosatidan dars beruvchi professor Robert Legvold nazarida Sovet Ittifoqi qulaganidan beri bu qadar sovuqchilik kuzatilmagan.

“Ikki davlat bir-biriga umuman ishonmay qo’ygan. Yaqinda Moskvada bo’ldim. Ziyoli ruslar fikricha Kreml Amerikadan har sohada shubhalanadi, uning bir so’ziga ishonmaydi”,- deydi Legvold.

Putin Rossiyaning xalqaro maydondagi qudratini oshirishga urinar ekan, Vashington-Moskva aloqalari ham taranglasha boshladi. Putin AQShni ko’p marta gegemon siyosatda ayblagan.

Putin sakkiz yil avval prezidentlikka saylanganida Rossiyaning jahondagi mavqei ancha tushib ketgan edi. Yeltsinni jiddiy rahbar sifatida ko’rmagan G’arb Putinga uning merosxo’ri, o’sha bo’sh siyosatning davomchisi deb qaragan.

Biroq Putin bu taxminlarni tamoman puchga chiqardi. Mamlakat iqtisodiyotini energetika boyliklari hisobiga yuksaltirish strategiyasini ishlab chiqdi. Rossiya harbiy salohiyatini ancha tiklab oldi. Rossiyaning ko’p-yo’nalishli tashqi siyosati Amerika manfaatlariga rahna sola boshladi.

O’tgan yili Putin Myunxenda xalqaro anjumanda kutilmaganda AQSh siyosatini eng qora strategiya deb chiqdi. Putin AQShni boshqa davlatlarni pisand qilmayotganlikda, o’zini dunyo posboni va rahbari sifatida tutayotganlikda aybladi.

1970-80-yillarda AQSh xavfsizligi bo’yicha prezidentlarga maslahat bergan keksa siyosatdon Brent Skovkroft Putinning bu gaplaridan hayron bo’lmadi.

“Bu ruslarga xos qarash. Putinni tushunish uchun Sovuq Urushning so’nggi yillarida nima bo’lganini bilish kerak. Sovet Ittifoqi, dunyo ahli o’ylaganidek, silliqqina qulagani yo’q. Imperiyaning parchalanishi rus xalqi g’ururiga tegdi. Dunyoda ikki qudratli davlat bor edi. Biri parchalanib ketdi. O’rnida siyosiy-iqtisodiy muammolar changalidagi Rossiya qo’ldi. Rus xalqi “endi nima”? deya so’ray boshladi. Putin ana shu xalq vakili. U o’z xalqi mavqeini ko’tarib Rossiya faxrini tiklagandek… Xalq nazarida u vatan qahramoni. Buyuk rus shuhratini ko’targan rahbar. Putinning har bir siyosati ortida shu maqsad turibdi. Putin Rossiya - dunyo kelajagini hal etadigan, uning roziligisiz jahon siyosati yoki iqtisodiyotida biror o’zgarish qila olmaydigan davlat bo’lsin deydi”, - deydi Brent Skovkroft.

Qo’shma Shtatlar va Rossiya orasidagi keskin kelishmovchiliklardan biri Sharqiy Yevropada o’rnatilishi rejalangan mudofaa tizimlari – dushman raketalarini aniqlaydigan va urib tushirishga qodir sistema.

AQSh ularni Polsha va Chexiyada joylashtirishni rejalamoqda. Bush ma’muriyati sistema Rossiyaga emas, Eron tug’diradigan xavfga qarshi qo’yiladi deydi. Kreml bunga ishonmaydi. Rossiya NATOning kengayishiga ham qarshi.

Yana bir ziddiyatli masala – Kosovo. AQSh Kosovoning Serbiyadan ajralib chiqib, mustaqillik e’lon qilganini tan olgan. Rossiya esa Serbiyaning ishongan tog’i. Kosovo, Kreml nazarida, Serbiya mulki. Uni mustaqil davlat deb tan olish, deydi Rossiya rasmiylari, xalqaro qonunlarga ziddir.

AQSh va Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan qanday choralar ko’rish haqida ham turlicha fikrda. Vashington Eronga qarshi keskin harakat tarafdori bo’lsa, Rossiya bu ish bermaydi deydi. Mamlakat Eronga atom energiyasi ishlab chiqarishda ko’maklashmoqda.

AQShning Stenford Universiteti professori Maykl Makfol Putin Rossiyaning xalqaro maqsadlarini yangiladi deydi.

"Mixail Gorbachev davridan boshlab, Kreml 20 yil davomida G’arbga yaqinlashishga urindi. Yevropaga kirishni istadi. Demokratiya va erkin bozor, G’arb tashkilotlariga a’zolik va hokazo. Putin bu maqsadni bekor qildi desak xato bo’lmaydi. Putin nazarida Rossiya dunyo xaritasida qudrati bilan ajralib turadigan davlat bo’lishi kerak. U hech kimga tobe bo’lmaydi. Hech kim bilan hisoblashmaydi. Bu Rossiyada XIX asrda hukm surgan siyosat. Ruslar bunday ish tutishga o’rgangan xalq”, - deydi professor Makfol.

Garvard Universitetidan Marshall Goldman bu tahlilga qo’shiladi.

“Rus xalqi talabchan. O’zini har qanday vaziyatda himoya qilishga tayyor. Rossiya iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olgan ekan, uning qo’li ham uzoqqa yeta boshladi. Uning manfaatlari Amerika va Yevropa manfaatlari bilan to’qnashmoqda. Bu tabiiy.”

Dmitriy Medvedev Putin belgilagan yo’ldan ketishini aytmoqda, ham ichki, ham tashqi siyosatda. Putin Rossiyaning yangi bosh vaziri bo’lgan taqdirda davlatning G’arb, jumladan AQSh bilan aloqalari hali-beri yaxshilanmasligi mumkin.

Amerikada prezidentlikka da’vogarlarning hammasi Rossiyani nodemokratik harakatlarda ayblaydi.

Prezident Jorj Bush Putin bilan shaxsan iliq munosabatda ekanini aytadi. Lekin u bilan kelisha olmayapti. Bush quvvatlagan nomzod Jon Makkeyn Rossiyaga bosim o’tkazish kerak deydi.

Demokratik partiyadan chiqqan nomzodlar Xillari Klinton va Barak Obama ham Putin va Rossiyani siyosiy o’yin va nayranglarda tanqid qiladi. Yaqinda Xillari Klinton Putinni KGBning sobiq agenti sifatida "shafqatsiz va rahmsiz inson" deb ta’riflagan. Putin bunga javoban "rahbar bo’lish uchun avvalo miya kerak" degan.

Bu kabi tortishuvlar va achchiq so’z almashishlar davom etarkan, deydi tahlilchilar, dunyoning ikki yirik davlati bir-biridan uzoqlashaveradi. Oqibatda esa o’rtadagi kichik davlatlar zarar ko’radi.

XS
SM
MD
LG