Iqtisodiy nochor O'zbekistonda ayol qiyofasi o'zgarib bormoqda


Sharhlovchilar nazarida mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat birinchi navbatda ayollar taqdirida aks etgan.

Asrlar davomida faqat erkaklar ishlagan mardikor bozorida bugun ayollar ham teng ishlamoqda. O’zbek ayolining ijtimoiy hayotdagi faolligi ortgan, biroq bu doim ham ijobiy ma’no kasb etavermaydi.

8-mart “Turkiston” madaniyat saroyida tantana qilindi. Prezident tabrigida ta’kidlanishicha, mustaqillik yillarida bosh maqsadlardan biri xotin-qizlar muhofazasi, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, ayol salomatligi, oila va bolalar muhofazasini ta’minlash bo’lib kelmoqda.

Tahlilchilar nazarida aynan ijtimoiy hayotdagi faollashuv, ayollarning savdo-sotiqda, bozorda, ko’chada, boshqa turli sohalarda faollashayotgani o’zbek ayoli haqidagi an’anaviy tasavvurni o’zgartirgan.

“Oldingi sovet davridagi ayollarda hayo, andisha, o’zidan kattalarni hurmat qilish, erkaklarga odob darajasida muomala qilish bor edi. Agar ayol kishi ishlab dekretga chiqsa, unga mehnat qonunidagi hamma imtiyozlar berilar edi. Hozir ayollarni ayolligi qolmadi, erkakdan baland bo’lib qolishdi - so’kadi, uradi. Erkaklar qo’rqoq bo’lib qolishgan. Ayollik yo’q, faqat qullik - bozor, ro’zg’or, pul topish. O’zini xo’r bo’layotganini aytmaydi. Hamma narsaga tayyor, ayolligi qoldimi?” - deydi advokat Rahima Fayziyeva.

O’zbekiston televideniyesi va matbuoti boshqa bir manzarani tasvirlaydi:

“Joylarda o’tayotgan bayram tadbirlarida ayollarimiz cheksiz tuyg’ular bilan ulug’lanmoqda. Ular sharafiga tahsinlar aytilib, hayotimiz mazmuni sifatida tarannum etilmoqda. Hayotimizda yuz berayotgan islohotlar tufayli ayollarning davlat boshqaruvi, iqtisod va boshqa sohalardagi ishtiroki tobora ortib bormoqda”, - deyiladi 8-mart bayramiga bag’ishlangan teledasturda.

Ayollarning siyosiy faolligi jihatdan O’zbekiston o’rnak sifatida ko’rilishi mumkin. Mintaqada birinchi marta prezidentlik uchun kurashda ayol kishi, hozirda Oliy Majlis raisi Dilorom Toshmuhammedova nomzodi qayd etilgan edi.

O’zbek muxolifatida, inson huquqlari himoyasida ham ayollar yetakchiligini kuzatish mumkin. Shunday yetakchilardan biri ayni paytda qamoq jazosini o’tayotgan siyosiy mahbus Mo’tabar Tojiboyevadir.

“Ayam ozodlikka chiqsa faoliyatini davom ettirmoqchi. Buni ko’pchilik oldida ochiq aytdi, shunga chiqarmayapti. 8-mart biz uchun bayram bo’lgani yo’q. Ayam qamoqda o’tirgan bo’lsa, bayram kayfiyati ham yo’q”, - deydi Mo’tabar Tojiboyevaning qizi Mahliyo.

O’zbekistonda aynan ayollar boshchiligida norozilik chiqishlari ko’p kuzatilgan. Namoyishlarga soliqlar oshrilishidan tortib ijtimoiy sohadagi muammolar sabab bo’lgan.

“O’zbek ayollari bardoshli, iboli. Azaldan ota-bobolarimiz, momo-havolarimizdan meros bo’lib kelayapti bu fazilatlar. Hozirga kelib ayollarimizni ko’chaga chiqib ketishlari, chet ellarga ketishayotgani, hatto mardikorchilik qilishayotgani iqtisodiy tangchilikdan deb o’ylayman. Uyda bolasi och bo’lgan ayol hamma narsaga tayyor bo’ladi. Shuning uchun ham ayollarimizni bugungi holatga kelishi, o’zini ayolligini unutib qo’yishi, o’tish davri oqibatlaridir. Lekin o’zbek ayollari baribir ayol bo’lib qolishi kerak”, - deydi shoira Saida Qurbonova.

XS
SM
MD
LG