AQSh Qozog'istonda demokratiyaga umid bog'lagan


Qozog’istonning 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishini quvvatlagan AQSh bugun uning Bosh vaziri Karim Massimovni kutib olishi kerak edi. Tashrif noma’lum sabablarga ko’ra qoldirilgan.

Vitse-prezident Dik Cheyni, Davlat kotibasi Kondoliza Rays, Energetika vaziri Samuel Bodman, Savdo vaziri Karlos Gutierrez, Jahon Banki prezidenti Robert Zellik va boshqa rasmiylar Qozog’iston bosh vaziri bilan muloqot qilish istagida ekanini bildirgan.

Iqtisodiy hamkorlik avj olayotgan bir paytda, AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati, davlat kotibi muovini Richard Baucher (Richard Boucher) "Qozog’iston jamiyati demokratiya tomon ildamroq qadam tashlamasa, bugungi taraqqiyot uzoqqa bormaydi",- demoqda.

Baucherning qayd etishicha Qozog’iston saylov jarayonini va bu boradagi qonunlarni erkinlashtirishga, oshkoralik va fuqaro huquqlarini ta’minlashga xalqaro hamjamiyat oldida va’da bergan.

“Qozog’iston (Tashqi ishlar vazirligi) Madridda o’tgan uchrashuvda mamlakat islohot yo’lidan ketadi degan. AQSh bu borada Qozog’iston bilan ko’p marta gaplashgan va Nursulton Nazarboyev hukumati G’arb undan qanday o’zgarishlar qilishni kutayotganini biladi”.

Qozog’iston muxolifati va inson huquqlari tashkilotlari nazarida AQSh Nazarboyevga ishonib, katta xato qilmoqda. Neft va biznes deb xalq hayoti garovga qo’yilmoqda deydi ular. Oppozitsion partiyalar nigohida amaldagi hukumat demokratik qadam tashlashdan qo’rqadi, chunki bu bilan o’z ildiziga bolta urayotgandek bo’ladi. Amerika rasmiylari Qozog’iston muxolifati bilan gaplashib turadi.

“Biz muxolifatga Qozog’istonda demokratiya istiqboli hamma uchun muhim deb aytganmiz. Gap faqat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishda emas. Raislik o’tadi ketadi. Qozog’istonda saylovlar vaqti keladi. Mamlakat qanchalik erkinlashganini o’sha saylovlarda ko’ramiz”.

Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, Qozog’iston neft sanoati AQSh sarmoyasi evaziga rivojlanmoqda.

“Yaqinda Qashag’andagi buloq ishga tushirilishi yuzasidan chiqqan kelishmovchilik”, - deydi Baucher, “muzokaralar orqali yechim topdi. Rasmiy Ostona chet el bilan imzolangan bitimlarga rioya qilsa, sarmoya oqimi tinmaydi”.

“Amerika kompaniyalari uchun Qozog’istonda imkoniyat katta, nafaqat neft va gaz sanoatida, balki muhandislik, elektr energiyasi va qishloq xo’jaligida”.

AQSh Qozog’istonga korrupsiyaga qarshi kurash, ta’lim va tibbiyot hamda xususiy sektor va hukumat o’rtasida mas’uliyatli munosabatni yo’lga qo’yishda yordam bermoqchi.

Ish AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarga yuklanadi. Rasmiy Vashington Nursulton Nazarboyev ular faoliyati uchun sharoit yaratadi degan umidda.

XS
SM
MD
LG