Breaking News

AQSh NATO davlatlarini Afg'onistonda faol bo'lishga undamoqda


AQSh qonunchilari va generallari NATO davlatlaridan Afg’onistonga ko’proq qo’shin yuborishni talab qilmoqda. Masala kelasi oy Buxarestda bo’ladigan NATO sammitida muhokamada bo’ladi.

Demokrat senator Jozef Bayden Tashqi aloqalar qo’mitasida NATOning Afg’onistondagi faoliyatiga baho berar ekan, alyansning ba’zi a’zolarini sustkashlikda aybladi.

"NATOdagi uyushqoqlikka putur yetmoqda. Ittifoq a’zolari o’z bilganicha siyosat yuritmoqda," deydi Bayden.

NATO oliy qo’mondoni, AQSh generali Jon Kreddok fikricha ayrim a’zo davlatlar qo’shinlarini jangovar hududlarga yubormaslik borasidagi cheklovlariga o’zgartirish kiritishi kerak.

"Ularning jang qilmasligi sabab boshqa NATO askarlari hayoti xavf ostiga tushmoqda," deydi general.

Ruminiya poytaxtida bo’ladigan sammitda prezident Bush NATO davlatlarini Afg’onistonda faolroq harakat qilishga chaqirmoqchi.

AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Daniel Fridga ko’ra, Afg’onistonda vaziyat hali ham tashvishga molik.

"Ayniqsa janubda zo’ravonliklar kuchaygan. Pokistonga chegaradosh hududlar terrorchilar iniga aylangan."

AQSh rasmiysi qo’lga kiritilgan yutuqlarga ham to’xtaldi.

"Olti million afg’on maktabga boradi, ularning uchdan biri qizlar. Bu ikki million degani. Tolibon vaqtida bu raqam nolga teng edi," deydi Frid.

XS
SM
MD
LG