Breaking News

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro hisobot chop etildi


AQSh Davlat departamenti inson huquqlari bo’yicha yillik xalqaro hisobotini chop etdi. Unda o’nlab mamlakatlardagi, xususan O’zbekistondagi vaziyat aks etgan. Hisobotga ko’ra, ko’p mamlakatlarda inson huquqlari ahvoli yomonligicha qolmoqda.

Shimoliy Koreya, Birma, Eron, Suriya, Zimbabve, Kuba, Belarus, Eritreya, Sudan va O’zbekiston inson huquqlari muntazam ravishda buziladigan 10 mamlakat qatoriga kiritilgan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning aytishicha, ko’plab mamlakatlarda inson huquqlari uchun kurashayotgan faollar ta’qib ostiga olinmoqda, vatan xoinlari sifatida tamg’alanmoqda.

Davlat departamentining hisobot ustida ishlagan idorasi rahbari Jonatan Farrar Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilishga taraddud ko’rayotgan Xitoyni ham inson huquqlari poy mol etilishida aybladi.

"Ayniqsa huquq faollari va Internet qattiq nazorat ostida," deydi rasmiy.

Xitoyda eng ko’p ta’qibga uchrayotgan guruh – bu mamlakat g’arbida yashayotgan uyg’urlar. Terrorga qarshi kurash bahonasida hukumat ularni ta’qib etmoqda. Biroq rasmiy Pekin nazarida ayrimlar mamlakatning terrorga qarshi harakatlarini davlatning uyg’urlarga nisbatan siyosatiga bog’lamoqda.

Hisobotning O’zbekistonda inson huquqlariga bag’ishlangan qismi 25 sahifadan iborat. Unda prezident Karimov va u boshliq hukumatning mamlakatda siyosiy hayotni, nodavlat tashkilotlar va diniy guruhlar faoliyatini to’liq nazorat ostiga olgani qayd etiladi.

Xavfsizlik kuchlari so’roq paytida mahbuslarni muntazam ravishda qiynoqlarga soladi, ba’zi paytlarda esa bu o’lim hollariga olib kelgan, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG