O'zbekiston - silning og'ir turi tez tarqalayotgan mamlakatlardan


Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti (WHO) hisobotiga ko’ra, silning mavjud dorilar bilan davolab bo’lmaydigan kuchli turlari tarqalmoqda. Ayrim davlatlarda kasallikka e’tibor pastligi va iqtisodiy nochorlik tufayli ahvol yanada tang. Sil kasalligi tez yoyilayotgan mamlakatlar orasida O’zbekiston va Ukraina alohida qayd etiladi.

Dunyoda sil kasalligi, ya'ni tuberkulyoz har yili bir yarim million inson jonini oladi. Har yili bu xastalik to’qqiz million kishida aniqlanadi. Bemorlarning yarmi silning o’ta kuchli, hech bir dori ta’sir qilmaydigan, shifosiz turlariga chalinayotgani kuzatiladi. Vaholanki, yaqingacha silga davo bor deb qaralar edi.

Olimlar izlanishda davom etmoqda, ammo hozirgacha silning qaqshatqich turiga qarshi biror samarali vosita ishlab chiqilmagan.

Doktor Mario Ravilione Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining sil masalasi bo’yicha bosh mutaxassisi.

"Silning eng og’ir – MDRTB degan turi 45 davlatda yuz minglab insonlar hayotiga tahdid solmoqda",- deydi u.

Tibbiyotchilar nazarida Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Latviya, Ukraina, Moldova va O’zbekiston - sil borasida tashvishlanarli jamiyatlar. Silning og’ir turlariga uchraganlarning 50 foizdan ortig’i shu davlatlarga to’g’ri keladi. O’zbekistonda 15 foizi.

Amerikalik yosh shifokor Jessika Adam yaqinda Qoraqalpog’istondan qaytdi. Nukus viloyatida Sog’liqni Saqlash vazirligi va Shveytsariyada asoslangan Chegara Bilmas Shifokorlar (MSF) tashkiloti hamkorligida bir yildan oshiq vaqt mobaynida sil bemorlarini davoladi.

"U yerda sil tarqalish darajasini juda yuqori degan bo’lardim. Odamlar kasallik haqida yaxshi bilmaydi. Sil kasali insoniyatga qadimdan xuruj qilib kelayotgan xastalik. Shu bois, menimcha, odamlar silning oqibatlari yoki xavfi haqida unutib qo’ygan. Buning ustida sil asosan kambag’al aholi orasida uchraydi. Demak bu borada ko’p gapirilmaydi",- deydi Jessika Adam.

Jessika Adam sil kasaliga oshkora yondashish kerak deydi.

"Sil iflos, qashshoq odamlarga yuqadigan kasallik deb qabul qilinadi. Haqiqatda bunday emas. Odamlar o’z sha’nini himoya qilaman deb kasallikni berkitadi. Bu dahshatli oqibatlarga olib boradi. Sil o’z vaqtida aniqlansa, to’g’ri muolaja berilsa va qabul qilinsa, shifo topishi mumkin. Silning yengil turlariga qarshi dorilar juda ko’p".

Sil odatda inson o’pkasini ishdan chiqaradi, ammo boshqa organlarga ham zarar yetkazishi mumkin.

"Boshida shamolladim shekilli deb o’ylab, oradan ikki-uch hafta o’tib ham yo’talayotgan, issig’ingiz chiqayotgan bo’lsa, terlab, madoringiz qurib borayotgan bo’lsa, albatta shifokorga murojaat qiling",- deydi mutaxassis.

Silga, shifokorlarning tushuntirishicha, irsiy kasallik deb qarash noto’g’ri. Nafas yo’llari orqali yuqqani uchun har kim uning qurboniga aylanishi mumkin. Silni yashirish, deydi shifokor Jessika Adam, jamiyat hayotini xavf ostida qo’yish bilan barobar.

Mutaxassislar to’g’ri ovqatlanish, jumladan yetarlicha suv ichish, toza meva va sabzavot yeyish ahamiyati haqida gapiradi. Bemorlar ayniqsa to’yib ovqatlanishi, tabiiy jihatdan boy taomlar yeyishi kerak deydi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti kasallik xuruj berayotgan mamlakatlarda ko’rilayotgan choralarni qoniqarsiz deb baholaydi. Kasallik iqtisodiy nochorlik va yetishmovchilikka bog’lanadi.

AQSh Kongressi a’zosi Donald Peyn AQSh yangi dorilar yaratish va ishlab chiqarishda jonbozlik ko’rsatishi va sil tarqalayotgan mamlakatlarga yordamni oshirishi kerak deb chiqmoqda.

Ko’plab mamlakatlarda, xususan O’zbekistonda sil bemorlariga qaraydigan tibbiy xodimlar yetishmaydi.

"Muolaja boshlandimi, demak bemor uni oxirigacha olib borishi va shifokor nazoratida bo’lishi lozim. Ko’pchilik bemorlardan bunday imkoniyat yo’q",- deydi Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti xodimi Mario Ravilione.

"Muolajani kuzatuvchi tizim mavjud bo’lmasa, bemorning ahvoli voy. Bu nozik jarayon. Silga qarshi dori kamida olti oyga mo’ljallangan. Muolaja buzilsa, zarur choralar ko’rilmasa, kasallik yangilanadi, avj oladi",- deydi shifokor.

Silning og’ir turlariga qarshi global kurash, Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga ko’ra, kamida besh milliard dollar talab qiladi.

Har bir hukumat o’z xalqi salomatligi uchun javobgar. Sil singari xastaliklar aholi orasida tez tarqalayotgan bir paytda rahbariyat epidemiya bilan olishish usullarini kuchaytirishi, yetarli mablag’ ajratishi va tibbiy tizimni yaxshilashi, eng muhimi, kasallik haqida ommani ogoh qilishi va ehtiyotkorlik choralari ko’rilishi darkor.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG