Breaking News

Sanksiya qo'yish oson, amalga oshirish qiyin


Sanksiyalar diplomatiya quroli sifatida o’nlab yildan beri qo’llanadi. Ular boshqa davlatlarga, ayniqsa avtoritar hukmdorlarga va so’zga kirmaydigan hukumatlarga bosim o’tkazish vositasi.

Muayyan bir mamlakat boshqasiga sanksiya qo’yishni lozim deb topsa, davlat rahbari yoki qonun chiqaruvchi organi buni amalga oshirish vakolatiga ega.

Lekin bir-tomonlama sanskiyalarni joriy etish qiyin, deydi Nyu-Yorkdagi Citi Universiteti professori Tom Vis.

“Kamdan-kam holatlarda bir davlatning sanksiyalari ish beradi, chunki har doim ta’minotning muqobil yo’llari bor. Jazolangan tomon hamkorlari orqali sanksiyalarni chetlab o’ta oladi.”

Sanksiyalardan kutilgan samaraga erishish uchun kam sonli davlatlar kerakli qudrat-salohiyatga ega. Shu bois hujjat ko’pincha BMT Xavfsizlik Kengashida ovozga qo’yilib, tashkilotga a’zo boshqa davlatlar ham jarayonga qo’shiladi.

Xalqaro tinchlikka tahdid solinganda va diplomatik harakatlar pand berganda, Xavfsizlik Kengashi sanksiya qo’yish vakolatidan foydalanadi. So’nggi bir necha yildan beri “aqlli sanksiyalar” degan termin qo’llanyapti. Ularga iqtisodiy va savdo sanksiyalari, qurol-yarog’ sotish va chet davlatlarga chiqishni man etish hamda moliyani muzlatish kiradi.

Gari Xufbauer Piterson Iqtisodiyot Instituti xodimi. Uning aytishicha, “aqlli sanksiyalar” xalqqa emas, hukumatni boshqarayotgan amaldorlarga qaratiladi.

“Amaldorlarni chet eldagi hisob raqamlaridan, Shveytsariyadagi ta’lim imkoniyatlaridan va sayohatlaridan ayira olsangiz, ma’qul. Hech bo’lmaganda oddiy xalq qiynalmaydi. Sanksiyalar kasallik va ocharchilikka olib borganiga guvoh bo’lganmiz. Ayniqsa aholining nochor qatlamlari, qariyalar va bolalar qiynaladi”, - deydi Xufbauer.

Yaqinda BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga uchinchi marotaba sanksiya qo’ydi. Mamlakat uranni boyitishda davom etayotgani uchun. Qator davlatlar nazarida Eronning yadro dasturi aslida qurol ishlab chiqarishga qaratilgan. Professor Tom Vis fikricha so’nggi sanksiyalar ramziy kuchga va ma’noga ega, xolos.

“Eron hukumati, shubhasiz, sanksiyalardan xalos bo’lishga harakat qilib keladi. Qaysi davlat xalqaro hamjamiyatning bir qismi bo’lishga, obro’-e’tiborga ega bo’lishga intilmaydi deysiz. Hech bir davlat sanksiyalarni yoqtirmaydi. Eron iqtisodiyotiga ta’siri oz bo’lishi mumkin, lekin ular kuchli ramziy ma’no kasb etadi.”

Xavfsizlik Kengashi sanksiyani joriy etgach, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshida bir necha maxsus agentlik va tashkilotlar borki, ular qarorlarning amalga oshishini, barcha davlatlar ularga bo’ysunishini ta’minlaydi va kuzatadi.

Shulardan biri Interpol – eng yirik xalqaro politsiya tashkiloti. Unga 180 dan ortiq mamlakat a’zo. Interpolning maxsus tayyorgarlikdan o’tgan xodimlari qurol-yarog’ embargosi, xorijga chiqishni cheklash kabi qarorlarni tatbiq etishda ko’maklashadi. Ularga xalqaro boj va aviatsiya nazorati agentliklari hamkor.

Yevropa Ittifoqi, Arab Ligasi va Amerika Davlatlari Tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlar ham sanksiyalardan ko’zlangan maqsadga erishishda hissa qo’shadi.

Shunga qaramay, mutaxassislar fikriga ko’ra, sanksiyalar bilangina muammolarni yechib bo’lmaydi. Ular keng-qamrovli strategiyaning bir qismi bo’lishi kerak.

XS
SM
MD
LG