Dollar qiymati tushayotgani AQSh eksportchilari uchun ayni muddao


Jahon bozorida AQSh dollarining qadri tushib bormoqda. Amerika hukumati nazarida bu yangilik emas, iqtisodiyot qaddini rostlashi bilan dollar bahosi ham ko’tarilishi mumkin.

Yevro qiymayi ham tobora oshmoqda. 1 yevro 1.5 AQSh dollariga teng. Britaniya funt sterlingi esa dollardan ikki barobar qimmat. Amerikada aksariyat iqtisodchilar bugungi ahvol haqida dod-faryod solmoqda, ammo dollarning arzonlashishi aslida yomon emas deyayotganlar ham bor.

Yevroning qimmatlashib borayotgani Germaniya mashinalari, Fransiya vinolari va Yevropaning boshqa import mahsulotlari narxini oshirmoqda. Nafaqat Amerika balki dollarga sig’inadigan dunyo ahli uchun. Qarabsizki, deydi nyu-yorklik tadbirkor Patrik D’Angelo, AQSh mahsulotlarining bozori qizimoqda.

“Dollarning qadri tushib, Amerika arzonlashar ekan, chet eldan ko’proq odam kelyapti. Pulini bizning bozorda sarflayapti. Boy yevropaliklar bugun dam olish kunlarini AQShda o’tkazyapti. Bu yerda ko’chmas mulk sotib olyapti. Sayyohlar oqimi shu qadar kengki, kichik bizneslar katta daromad qilmoqda. Shu bois dollarimiz bir tiyin bo’layapti deb kuyinishga hojat yo’q”.

Yana bir o’zgarish: dollar qiymati tusharkan, AQSh eksporti hajmi kengaygan. Yevropaning Amerikada ishlab chiqarilgan mollarga talabi oshgan. Yetakchi ekonomist Dan Nort hayron emas.

“Bu AQSh eksportchilari uchun ayni muddao. Masalan, kompyuter sanoati yoki mashinasozlik mahsulotlari Yevropaga sotilarkan, u yerda bitta asbob 100 yevro turgan bo’lsa, hozir 50 yevroga tushgan. Yevropa bozori bugun juda chaqqon.”

Dollarning bahosi pasaygani Yevropa uchun xom neft va gaz narxini ham tushirgan. Kontinent bularni suvdek simiradi.

AQSh Markaziy Banki yaqinda aksiya va kredit foizlarini chekladi. Dollar qiymatini saqlab qolish uchun. Iqtisodchi professor Tomas Kuli nazarida hukumatning bu qadami dollarga kuch emas, zarba berdi.

“Yevropada foiz qiymati yuqori, shu sabab ham pul o’sha tomonga ketyapti.

AQShda esa pul boshqa davlatlarga arzon narxda chiqib ketyapti. Bu dollarning qadrsizlanishiga olib bormoqda.”

Pul bozorini tushunish, undagi o’zgarishlarni tahlil qilish oddiy xalq uchun oson emas, deydi mutaxassislar. Narx oshyaptimi, bilingki, cho’ntakdagi mulla jiringning bahosi tushib ketayapti. Qancha ko’p pul topmang, iqtisodiy ahvolingiz yengillashayotgani yo’q.

Amerikada o’rtacha oilaviy yillik daromad, agar bir kishi ishlayotgan bo’lsa, 40-50 ming dollar. Bugun Amerika ichki qarzi – 53 trillion dollar.

XS
SM
MD
LG