O'zbekistonda siyosiy iliqlik kuzatilmoqda


Keyingi paytda O`zbekistonda siyosiy vaziyat nisbatan iliqlashgani e’tirof etilmoqda.

Yaqinda muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faollari Farg`ona vodiysida yig`ilgan, ishtirokchilar fikricha, siyosiy muhit asta-sekin o’zgarmoqda. Boshqalar nazarida hukumat xo’jako’rsinga ish tutmoqda xolos.

Keyingi paytda qamoqdagi ayrim huquq himoyachilari ozod etilmoqda. Bu, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi muzokaralar samarasi deya ta’riflanmoqda.

Ancha yillardan beri O`zbekistonda muxolifat faoliyati deyarli tugatilgan.

Yaqinda Farg`onada muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faollari yig`ilgan.

«Hech qanday qarshilik kuzatilmadi. 14 kishi ishtirok etdi, partiya faoliyatiga doir masalalarni muhokama qildik. Bu qandaydir signal bo`lishi mumkin”, - deydi partiyaning Farg`ona vodiysi bo`yicha muvofiqlashtiruvchisi Hamdam Sulaymon.

“Biz parlament va saylovlar yo`lidan boramiz. Saylov orqali hukumatga kelmoqchimiz. 2009 yilda parlament saylovlari bo`ladi. Agar partiyani ro`yxatga olmasa, tashabbus guruhlari orqali saylovda qatnashamiz”, - deydi u.

“Iliqlashish avval ham bo`lgan. Masalan, aksilterror dasturi bo`yicha. Lekin hukumatning inson huquqlari, xalqqa, muxolifatga nisbatan munosabatida biror o’zgarish bo’lgani yo’q. Davlatlar o`rtasida aloqalar o`zgarsa-da, siyosiy kurs o’sha-o’sha”, - deydi muxolifatadagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

“Shu paytgacha haqiqiy ma’nodagi qurultoy o`tgani yo`q. Turli darajadagi choyxona yig`ilishlari bo`lib turibdi. Uyushdim, endigina tashkillashdim deganda, hukumat dabdalasini chiqaradi, tarqatadi, repressiyani boshlaydi”, - deydi Oripov.

“Hozir asta-sekin yuqori tabaqalarda norozilik kuchaygan. Hokimiyat uchun kurash boshlangan, ko`rinadi. Bu sharoitda hukumatdan siyosiy iliqlik kutish xato”, - deydi “Birlik” raisi o`rinbosari Po`lat Oxun.

O`zbekistonda siyosiy muxolifat o`z faoliyatini 80-yillar oxirida boshlagan.

90-yillarda muxolif partiyalar siyosiy jarayonlarda, ijtimoiy hayotda muhim o`rin tutgan. 1992-yilda “Erk” partiyasi yetakchisi Muhammad Solih prezident saylovida amaldagi prezident Islom Karimovga raqib sifatida qatnashdi.

1990-yil o`rtalarida muxolifatga taz’yiqqa uchradi. Hozird muxolifat yetakchilarining ko`pi mamlakatdan tashqarida, ayrimlari hamon qamoqda saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG