Xitoy Dalay Lamani zo'ravonliklarni uyushtirganlikda ayblamoqda


Xitoy hukumatiga ko’ra, juma kuni Tibet muxtoriyatining ma’muriy markazi Lxasada sodir bo’lgan zo’ravonliklarda 13 kishi o’lgan.

Xitoy hukumati Lxasada elektr quvvati va osoyishtalik tiklanganini aytmoqda. Juma kuni tibetliklarning Xitoy boshqaruviga qarshi tinch namoyishi qonli to’polonga aylanib ketgan edi. Rasmiylar 13 kishining o’limida namoyishchilarning o’zi aybdor demoqda.

"Ular mamlakatni bo’lishga, Tibet tinchligiga rahna solishga harakat qilgan," deydi mahalliy rasmiylardan biri.

Hindistondan panoh topgan Tibetning surgundagi hukumatiga ko’ra, zo’ravonliklarda kamida 80 tibetlik o’lgan. Inson huquqlari faollarining aytishicha, xavfsizlik kuchlari Lxasada uyma-uy yurib namoyishda ishtirok etganlarni aniqlashga urinmoqda.

Dalay Lama Tibet uchun kengroq muxtoriyat olish maqsadida Xitoy hukumati bilan muzokaralar o’tkazmoqchi bo’lgan, biroq rasmiy Pekin uni Tibetni Xitoydan ajratishga urinayotganlikda ayblab keladi. Dalay Lama xalqaro hamjamiyat va BMTni Lxasadagi voqealarni mustaqil ravishda taftish qilishga chaqirmoqda. Xitoy hukumati esa Tibet diniy rahnamosini zo’ravonliklarni uyushtirganlikda ayblamoqda.

Dalay Lamaning Hindistondan aytishicha, u nozo’ravonlik tamoyillariga sodiq. Zo’ravonliklarga qo’l urgan tibetliklarga qo’shilmaydi.

Biroq Dalay Lamaning nozo’ravonlik tamoyillari so’nggi yillarda Xitoy boshqaruvidan noroziligi kuchaygan yosh tibetliklarni toqatsizlantirmoqda.

Kanadadagi universitetlarning birida professorlik qilayotgan Venran Zyanning aytishicha, Xitoy rahbariyati ayni damda qiyin ahvolda.

"Ular vaziyatni chuqur o’rganayotgan va qanday chora ko’rish kerakligi haqida munozara yuritayotgan bo’lishi tabiiy. Chunki ular avgustda o’tadigan Olimpiya o’yinlaridan oldin o’z obro’siga putur yetkazishdan cho’chiydi," deydi kanadalik olim.

Xalqaro Olimpiya Qo’mitasiga ko’ra, Xitoy hukumatining Tibetdagi siyosatiga norozilik belgisi sifatida bir necha ko’zga ko’ringan sportchi Olimpiya o’yinlarini boykot qilmoqchi.

XS
SM
MD
LG