O'zbekistonda Internetdan axborot olish cheklangan


O`zbekistonda internet rivojlanmoqda, lekin ommaviy axborot vositasi sifatida keskin nazorat ostida. Tanqidiy-tahliliy, information mazmundagi saytlarga kirish man etilgan. Bu deydi, huquq faollari, fuqarolarning axborot olish, so’z va fikr erkinligining yoppasiga poymol etilishidir.

Mamlakatda qanday saytlar qanday sabablarga ko’ra to’sib qo’yilgani haqida turli mulohazalar bor. Asosan mustaqil axborot sahifalari va muxolifat faoliyati bilan bog’liq manbalar.

O`zbekiston hukumati hozirga kelib nafaqat respublika hayoti haqida yozuvchi internet axborot agenliklari, balki onda-sonda tanqidiy maqola beradigan manbalarga kirishni ham taqiqilab qo’ygan.

Masalan qo`shni davlat matbuotida O`zbekiston haqida tanqid ketadigan bo`lsa, bu xabarni zudlik bilan to`xtatish, axborot vositasi yoki mazkur maqolaga kirishni yopib qo’yiladi.

Muxolifatchilar uchun ularning saytlari taqiqlangani yangilik emas.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi faoli Hamdam Sulaymonning aytishicha Internetni cheklash bilan axborot oqimini to’xtatish mumkin emas.

“Men jamoat joylarda ko`p bo`laman, eshitaman. Odamlar “Ozodlik”, “Amerika Ovozi”, “BBC” radiosidan eshitgan narsalarini muhokama qilishadi. Hozir sputnik antennalar bor. Ular orqali ko`pchilik eshitayapti, muhokama qilayapti. “Birlik”ning ham sayti bor. Kiraman degan odam yo`llarini qidirib o`ziga kerakli ma`lumotni oladi. Muxolif partiya ro’yxatga olinsa, bu narsalar o`z-o`zidan yo`qolib ketadi. Nima keragi bor, byudjet mablag`ini ortiqcha narsalarga sarflab”, - deydi Hamdam Sulaymon.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida internetdan foydalanuvchilar ko’payar ekan, tizimni jilovlash harakati kuchaygan.

“Muxolifat va huquq himoyachilari juda qashshoq holatda. Ularning internetga bog’lanish, texnika bilan ta’minlanish imkoniyati yo’q. O`zbekiston to`g`risidagi tanqidiy maqolalar, sahifalar deyarli hammasi ochilmaydi, bloklangan. Internetni jilovlash texnikasi juda rivojlangan. Hukumat bu texnika bilan qurollangan. Ayniqsa muxolifat faollari, ularni pochtalari, qaysi sahifaga kirayotgani nazoratda. Muxolifatning asosiy vazifasi omma ichiga kirish, o`z g`oyalari va dasturlarini yetkazish. Ichkari va tashqaridagilarga nima bo`layotganini bildirish”, - deydi Otanazar Oripov.

Mamlakatda mingga yaqin gazeta va jurnallar chop etiladi. Ularning ayrimlari internetda o`z sahifalariga ega.

Bu nashrlarning aksariyati siyosiy hayotga aralashmaydi. Ko’pida senzuradan o`tgan, hukumat manfaatini ko’zlovchi va tanqiddan xoli bir qolipdagi materiallar beriladi.

O`zbekistonda hozirgacha nima sababdan internet sahifalarga kirish ta`qiqlanayotgani haqida rasmiy izoh berilmagan.

XS
SM
MD
LG