Amerikada tibbiyot oliygohlari yangicha yo'nalishlar taklif qilmoqda


Florida Xalqaro Universiteti qoshida yangi tibbiy fakulteti ochilmoqda. Dastlabki talabalar kelasi o’quv yilidan boshlab qabul qilinadi. Oliygoh yo’qsil va qarovsiz aholi uchun tibbiy xizmat ko’ratuvchi mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilgan.

"Mayamida ochilishi kutilayotgan tibbiyot oliygohi o’ziga xos mutaxassislar yetkazib beradi",- deydi doktor Joze Jo Grir.

"Vrachlarni tayyorlashda oldin qo’yilgan xatolarni o’rganib chiqdik. Komil doktorlarni yetkazib berish yo’llarini izladik".

Talabalar an’anaviy tibbiy dasturlardan tashqari boshqa yo’nalishlarda ham izlanadi.

Birinchi kurs talabalari tibbiyotning ahloqiy, ilohiy va falsafiy asoslarini o’rganadi. Ular madaniy omillar, jins, yosh, ijtimoiy-iqtisodiy muhit kabi jihatlardan xabardor bo’ladi.

Universitetdan tashqarida ham xuddi shu yo’nalishda izlanish olib boriladi. Doktor Grirning aytishicha, studentlar mahalliy jamoalar, kam daromadli, yo’qsil oilalar ahvolidan ko’z-quloq bo’lib turishni odat qiladi. Jamoaga xizmat ko’rsatayotgan idoralar bilan muntazam aloqada bo’lishni o’rganadi.

Masalan, hamshiralik, vrachlik, ijtimoiy soha, huquq kabi yo’nalishlarni o’rganayotgan studentlar guruhlarga yig’iladi. Oilalar, qarovsiz odamlar, yolg’iz odamlarning uyiga borib, kam-ko’stini tekshiradi. Axir avvallari vrachlar shunday ishlagan – bemorlarning uyiga birma-bir borib, xabardor bo’lib turgan.

Mahalliy kasalxona shifokori Sheril Xolder fikricha, talaba bemorning kasalinigina emas, uning shaxsiyatini ham tekshiradi.

"Hozir keng tarqalgan kasallik – semizlikni olaylik. Odatda bemor shifokor qabuliga kelsa, dori yozilgan retsept va diyeta qiling, mashq qiling qabilidagi maslahat bilan qaytib ketadi, shunday emasmi"?- deydi Xolder.

Bu talabalar esa muammo ortidagi sabablarni o’rganadi.

Bemor nima uchun mashq qilmaydi? Ba’zi mahallalarda ko’chaga chiqsangiz, otib ketishlari hech gap emas. Nima uchun diyeta qilmaydi? Balki meva-cheva va sabzavot sotib olishga puli yetmas?

Yangicha ta’lim-tarbiya olgan shifokor studentlar bemor va umuman, jamoaning ehtiyoj-talablariga mos choralar izlaydi. Yangi tashabbus va takliflar bilan chiqadi. Mutaxassis jamoa dardini davolovchi haqiqiy tabib bo’lib yetishadi.

XS
SM
MD
LG