Rossiya Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatini davom ettirmoqda


Ukraina yaqinda Jahon Savdo Tashkilotiga qabul qilindi. A’zolikka ikki yirik mamlakat – Rossiya va Eron ham urinib keladi.

Markazi Jenevada joylashgan Jahon Savdo Tashkiloti 1995 yilda tuzilgan. Xalqaro savdo qoidalarini belgilaydi.

"Tashkilot yana bir muhim vazifani bajaradi",- deydi sobiq xodimi Deyvid Xartridj.

"Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo mamlakatlar o’rtasida kelishmovchiliklar oson yechiladi. Ziddiyatlar tinch, qonuniy yo’l bilan, siyosatni qo’shmagan holda hal etiladi. Tashkilotga a’zolik davlatlarga ana shu imkoniyatni beradi".

Biroq a’zolikka intilayotganlar dastavval qator shartlarga ko’nishi kerak, jumladan tarif, ya’ni narx-navo, qiymatlarni belgilashda. Nomzod davlat, shuningdek, iqtisodiy va savdo qonunlarini xalqaro andozalarga moslashtirishi lozim. Shu tufayli, deydi mutaxassislar, Ukrainaning tashkilotga qo’shilishiga 14 yil vaqt ketdi.

"Harakatini Ukraina bilan deyarli bir paytda boshlagan Rossiya oldida qator to’siqlar turibdi",- deydi Deyvid Xartridj. "Shulardan biri qishloq xo’jaligi davlat yordamini kamaytirish talabi. AQSh nazarida Rossiyada intellektual mulk himoyasini ham kuchaytirish kerak".

Jahon Savdo Tashkilotining yangi a’zosi Ukraina va Rossiya o’rtasidagi munosabatlarni iliq deb bo’lmaydi. Gaz bahosi yuzasidan tortishib, Rossiya ikki bor Ukrainaga ta’minotni to’xtatgan yoki kamaytirgan. 2004 yilda esa Kreml Ukrainada prezident saylovlariga ta’sir o’tkazishga uringan edi.

"Ammo Ukraina Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zoligiga to’sqinlik qilmaydi",- deydi tahlilchi Deyvid Marpls. "Chunki tashkilot doirasida ikki davlat o’zaro muammolarni hal qilishi mumkin".

O’tgan yili Rossiya-Ukraina o’rtasida savdo 22 foizga oshib, 30 milliard dollarni tashkil etgan.

Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo har bir mamlakat veto huquqiga ega ekani sabab, Kreml Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Gruziya bilan ham muzokara qilishi kerak bo’ladi.

Tashkilotga qo’shilish Rossiya oldida turgan asosiy maqsad deb qayd etgan prezident Vladimir Putin bu ishni endi Dmitriy Medvedevga topshirmoqda.

XS
SM
MD
LG