Afg'onistonda urushdan asosan oddiy aholi jabr ko'rmoqda


Afg’onistonda xizmat qilayotgan Britaniya harbiylari havo hujumi oqibatida tasodifan to’rt nafar fuqaroni o’ldirganini tan olgan. Shu kungacha mamlakatda bu kabi xatolardan minglab kishi halok bo’ldi.

Afg’onistonda Tolibon hukumatdan asosan havo hujumlari va bombardirovka orqali ag’darilgan edi. Jangarilar bazasi havodan aniq nishonga olinib, bomba hujumi natijasida yer bilan yakson qilingan, deydi 2001 yil noyabr oyida Qo’shma Shtatlar olib borgan operatsiyalarni tahlil qilib chiqqan Mark Garlasko.

“Afg’onistonga kirib borishimiz bilan eng qulay taktika bu havo hujumi ekaniga amin bo’lganmiz. G’or yoki bunkerlarda yashirinib yotgan Tolibon jangarilarini yo’q qilish oson emas edi. Bombardimon qilish samara berdi. Bundan tashqari piyoda kuchlarimiz jarayonni nazorat qilib, zarbalarni yo’naltirardi.”

Biroq urush avj olar ekan, Tolibon ham o’z uslubini o’zgartira boshladi. Tinch aholi punktlarida joylashish bilan. Natijada ular qatori oddiy fuqarolar ham nisonga uchray boshladi.

“2006-2007 yilgi hisobotlarga ko’ra, Tolibon tinch fuqarolar yashaydigan qishloqlarga kirib borib, o’sha yerdan hujumlar uyushtirishni odat qildi. Bomba tashlaganimizda turgan gapki fuqarolar ham nobud bo’ladi. Qurbonlar sonining ortib borayotgani mazkur taktikamizda muammolar borligini ko’rsatdi.”

Fuqarolar o’lgan sari aholi orasida xalqaro kuchlarga nisbatan qarshilik kuchaydi. Ularga ishonch pasaya boshladi. 2007 yil may oyiga borib, Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay ham o’z noroziligini bildirdi.

“Afsuski Afg’oniston xalqi jabr ko’rishda davom etmoqda. Xoh terror hujumlari bo’lsin, xoh NATO operatsiyalari, qurbonlar soni kamayayotgani yo’q.”

AQSh rahbari Jorj Bush fuqarolar o’limidan qayg’uda ekanini aytib, Tolibonni oddiy aholidan qalqon sifatida foydalanayotganlikda aybladi. Tahlilchi Garlasko fikricha, Pentagon mazkur muammoga yechim topish uchun yangi usullar qo’llashga o’tgan.

“2007 yoz oyidan boshlab AQSh havo kuchlari kichik radiusda portlovchi bombalardan foydalanishga o’tdi. Bu bombalarga kamroq miqdorda portlovchi moddalar solinadi. Kuchi va vayron qilish salohiyati ham katta emas.”

Mark Garlasko Pentagondagi ishini 2003 yilda tark etib inson huquqlari faoliga aylangan. Yangi taktika samara bermoqda, qurbonlar soni kamayganini ko’rish mumkin, deydi u.

“Afg’onistonga tashlangan har bir bombani kuzataman. Pentagonda to’plagan tajribam va uquvimni ishga solib, Afg’oniston aholisi bu hujumlardan qanchalik zarar ko’rayotganini aniqlay olaman. Bunday tajribani yetti yil davomida Iroqda ishlab egallaganman.”

Yaqinda BMT Afg’onistonda urush qancha odam boshini yeganini hisoblab chiqdi. 2007 yil davomidagi to’qnashuvlarda sakkiz mingga yaqin odam halok bo’lgan. Shulardan bir yarim mingdan ziyodi tinch aholi vakillari.

XS
SM
MD
LG