Inson savdosi Markaziy Osiyoda keng qanot yozmoqda


13 mart kuni Oliy Majlis inson ekspluatatsiyasi va savdosi hamda noqonuniy migratsiyasiga qarshi qonun qabul qilgan. O’tgan 3 yil ichida, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bu kabi jinoyatlar ustidan 700 dan oshiq jinoiy ish qo’zg’atilgan.

Bugungi dunyoda har yili 800 ming kishi qullikka sotiladi. Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (International Organization for Migration) Markaziy Osiyoni oddiy qilib “inson bozori” deb ataydi.

Yiliga mintaqa davlatlaridan minglab insonlar, jumladan qiz-juvonlar va yigitlar g’arbu-sharqqa yolg’on va’dalar ostida olib ketiladi. Inson savdosi qurbonlari asosan ishsizlikdan qiynalayotgan yoshlar va kambag’al qatlam vakillari.

Xalqaro Migratsiya Tashkilotining Qirg’izistondagi vakili Zlatko Zigich (Zlatko Zigic) ning aytishicha, inson savdosi hozir jahondagi eng yirik uyushgan jinoyatchilik tizimi. Uni aynan kim boshqarayotganini bilish qiyin, ammo tizim bir necha doiradan iborat: chet elda ish bor deya odamlarni ishontirishga urinayotganlar; buni hujjatlashtirib beruvchi turistik firma, rasmiy yoki jinoyatchilar; qiziqqan odamlardan yig’ilgan pulning huzurini ko’rayotgan boshchilar, dallollar va hokazo. Markaziy Osiyo xotin-qizlari ko’plab davlatlarda asosan foshishalik yoki xizmatkorlikka majburlanadi deydi Zlatko Zigich.

“Bugun Markaziy Osiyo davlatlarida inson savdosiga qarshi qonuniy, jinoiy choralar ko’rilmoqda. Qirg’izistonda bu borada kurash ancha yaxshi yo’lga qo’yilgan. Ammo O’zbekiston kabi inson trafigining yirik bir o’chog’ida harakat ancha sust. Bu mamlakatda xalqaro tashkilotlarning ishlashi qiyin ekani sabab vaziyatni o’rganish deyarli mumkin emas”,- deydi Zigich.

Vaholanki Qirg’izistonda, deydi Zlatko Zigich, hozir 35 nohukumat tashkiloti inson savdosiga qarshi birgalikda kampaniya olib bormoqda.

“Inson savdosi negizi korrupsiya, mas’uliyatsizlik, pul bilan hukumatni hamma narsaga ko’ndirish mumkinligi va uning inson hayotiga xavf solayotgan muammolarga ko’z yumishiga borib taqaladi. Bu muammo ortida esa aholining iqtisodiy nochorligi yotibdi. Texnologiya kun sayin rivojlanib, dunyo kichrayib borar ekan, afsuski odamlarning bir davlatdan ikkinchisiga qalbaki hujjatlar bilan olib o’tilishi va u yerda qalbaki ism-shariflar bilan noqonuniy ishlarga majburlanishi ham osonlashib qolgan”.

Marinka Franulovich (Marinka Franulovic) inson savdosi qurbonlari haqidagi “Ikki Qirg’iz Ayoli” kitobi muallifi. Kitob ikki ayolning qullikka majburlanishidan oldingi va keyingi hayoti haqida hikoya qiladi.

“Qahramonlarimdan biri Qirg’iziston janubidagi bir qishloqdan chiqqan yosh juvon. Ikki oylik chaqalog’ini oilasiga tashlab, Qozog’istonda bozorda ishlash niyatida chiqib ketadi. Manzilga yetgach esa uni tamaki dalasida qul qilib ishlatishadi. Unga ish va’da qilgan odamlar, dallollar, ham qozog’istonlik. Ikkinchi qahramonim – o’qimishli, to’rt bolali ayol. Qirg’iziston shimolidan chiqqan. Xorijdan ish va’da qilishadi, ammo Dubayga fohisha sifatida olib borishadi”,- deydi muallif.

Marinka Franulovich aytganidek inson savdosi qurboni bo’layotganlar har doim ham savodsiz odamlar emas. Ular ishsizlikdan, nochorlikda, imkoniyatsizlikdan qiynalayotgan turli yoshdagi, turli oilalardan chiqqan insonlar.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti Markaziy Osiyoning, O’zbekistondan tashqari, barcha davlatlarida odam trafigi qurbonlari bilan ishlovchi klinika va markazlar yuritadi. Ular jabrdiydalarni aniqlab, tibbiy va ruhiy yordam ko’rsatishni va asta normal hayotga qaytarishni maqsad qilgan. 2007 yilda Qirg’izistonda 127 kishi qullikdan ozod etilgan. Katta raqam emas, ammo ijobiy qadam deya baholaydi huquqshunos yozuvchi Marinka Franulovich. U tilga olgan har ikki ayol hozir uyga qaytgan. Qullik a’zobini, fohishalik anduhini unutish oson emas deydi yozuvchi.

“Inson savdosi nazarimda boy va kambag’allar o’rtasidagi farq kengayib borayotgani sabab ham avj olmoqda",- deydi Franulovich. "Maosh past, hayot esa qimmat ekan, odamlar pul topish uchun hamma narsaga tayyor. Jamiyatda o’sish va kasbi-korlik qilib yashash uchun imkoniyatlar kam. Qarabsizki, bir notanish odam “boyish uchun imkon” bor desa, odamlar laqqa tushadi”.

Inson savdogarlari haqida jamoatchilikni boxabar etishga bel bog’lagan mutaxassislardan biri Bermet Moldobayeva fikricha matbuot va jurnalistlar bu baloga qarshi kurashda eng muhim vazifani bajaradi.

“Huquq-tartibot ishini nazorat qilib turish va tekshirish matbuotning oliy majburiyatlaridan biri. Markaziy Osiyoda kim ko’p, ishsiz odamlar. Ularning qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirib, chet elga yoki qo’shni davlatlarga olib chiqib ketayotgan guruhlar haqida xalq avvalo axborot vositalaridan eshitishi kerak”,- deydi Moldobayeva.

Mutaxassis nazarida hukumat inson savdosiga qarshi qanday kurashayotgani haqida matbuotga va shu tariqa jamoatchilikka hisobot berib turishi, jinoyatchilarni tutishda va aholi manfaatini himoya qilishda jurnalistlar yordamidan foydalanishi kerak. Toki matbuot xodimlari erkin izlana olsin, rasmiylardan to’g’ri ma’lumot ola bilsin, jinoiy arxiv va sud qog’ozlari bilan tanisha olsin.

"Tergov va sud ishlari inson savdosi aybi asosida boshlanib, oxir-oqibat ayblanuvchilar moliyaviy jinoyat qilgan yoki yolg’on va’da bergan deb topilyapti. Qabih jinoyatlar nega yengil qilib ko’rsatilayapti? Adliya tizimi nega inson savdosiga ko’z yummoqda? Hamma narsa tizimning korrupsiyaga botib ketganida. Bo’lajak qullarga to’la avtobuslar Markaziy Osiyo davlatlari chegaralaridan har kuni o’tadi. Nega ularni olib ketayotgan jinoiy to’dalar tutilmayapti? Chegarachilar qayoqqa qarayapti? Jurnalistlarning bu haqda hukumatni savolga tutishga ko’p hollarda haddi sig’maydi”,- deya kuyunadi Moldobayeva.

O’tgan yillar ichida ko’plab Osiyo davlatlarida, jumladan Hindiston, Malayziya va Tailandda o’zbekistonlik o’nlab xotin-qizlar fohishalikda ayblanib, qamoqqa olingan va ko’pi hali ham panjara ortida. Aksariyati xorijga qalbaki hujjat va ism-shariflar bilan chiqqan. Ularni tergov qilish, yaqinlari bilan bog’lanish, davlatlar-aro muzokara va kelishuvlar har doim ham samara bermaydi.

Inson trafigi haqida gapiriladi, ammo unga kuch beradigan omillar chetda qolmoqda, deydi mutaxassislar. Natijada esa qulchilik - odamlarni xo’rlab ishlatish, ularni erkinligi va nomusidan ayirish zamonga xos odat bo’lib qolmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG