Breaking News

AQSh Gruziyaning NATOga a'zoligini qo'llab-quvvatlamoqda


Prezident Bush kecha Oq uyda Gruziya rahbari Mixail Saakashvilini qabul qildi. Qo’shma Shtatlar Gruziyaning NATOga a’zolik istagini qo’llab-quvvatlaydi, dedi Bush.

Kelasi oy Ruminiya poytaxti Buxarestda NATO sammiti bo’lib o’tadi. Prezident Bush NATOga a’zo davlatlar rahbarlaridan Gruziyaning tashkilotga qabul qilinishiga yordam berishlarini so’rayman, dedi.

Bushning aytishicha, NATOga a’zolikdan Gruziya ham, alyans ham birday manfaatdor.

Gruziya rahbari AQSh bilan hamkorlikdan mamnun ekanini aytdi.

"Gruziya askarlari Iroqda xavfsizlikni ta’minlashga o’z hissasini qo’shayotganidan faxrlanaman," dedi Saakashvili.

Ikki rahbar Gruziyadan ajralib chiqqan, biroq jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan ikki hudud – Abxaziya va Janubiy Osetiya masalasini ham muhokama qildi.

Bushning matbuot anjumanida aytishicha, tomonlar muammoni diplomatik yo’l bilan hal qilish yo’llari xususida fikr almashgan.

Vashingtonga safaridan oldin Saakashvili BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan ham uchrashib, o’tgan hafta Rossiyaning Abxaziyaga nisbatan savdo sanksiyalarini bekor qilish qarorini muhokama qilgan.

Rasmiy Vashington nazarida bu tashvishlanarli hol, chunki endilikda abxaz bo’lginchilarining qurol sotib olishi yengillashadi.

Saakashvili Davlat kotibi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Robert Geyts bilan ham uchrashdi.

XS
SM
MD
LG