Afg'onistonni qayta tiklash yo'lidagi asosiy to'siq - zaif boshqaruv


AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni kutilmaganda Afg’onistonga safar qilib, prezident Hamid Karzay bilan uchrashgan.

Ko’klam kelishi bilan Tolibon jonlanar ekan, AQSh NATOdan harbiy harakatlarni kuchaytirishni so’ramoqda. NATO Afg’onistonda 43 ming qo’shinga ega, lekin mamlakat janubi-sharqini jangarilardan tozalash oson ish emas.

Vitse-prezident Dick Cheyni AQSh Afg’onistonni tiklashga va’da bergan va so’zidan qaytmaydi deydi, lekin Yevropadagi ittifoqchi davlatlar missiyaga bu qadar ishonch bilan boqmayapti.

Afg’onistondagi janglarning og’iri AQSh, Kanada, Gollandiya va Britaniya bo’yniga tushgan. Fransiya, Ispaniya, Germaniya va Italiya qo’shini esa nisbatan tinch hududlarda joylashgan. Missiyaga barcha birdek hissa qo’shmasa, ba’zi davlatlar Afg’onistonni tark etishini bildirgan.

Dik Cheyni Afg’oniston xavfsizligini oxir-oqibat mamlakatning o’z armiyasi ta’minlaydi deydi. Lekin bu armiya oyoqqa turishi uchun hali ancha vaqt bor. Prezident Hamid Karzay “hozirda dunyo ahli yordamiga muhtojmiz” deydi.

Afg’onistonning 70 ming sonli armiyasi nisbatan yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan va askar yollash davom etyapti. Mamlakatda, shuningdek, NATOning 43 ming qo’shini va AQShning alohida faoliyat yurituvchi 12 ming askari bor. Yozda yana 3 ming kishi safarbar etiladi. O’tgan yili Afg’onistonda 8 ming kishi halok bo’lgan.

AQSh vitse-prezidentining ta’kidlashicha, afg’on hukumati mamlakatning Kobuldan tashqari boshqa qismlarini ham nazorat ostiga olishi, kelasi yil saylov o’tkazishi muhim. Ikki katta muammo – korrupsiya va qoradori savdosi.

Cheyni Pokistonda rejalanayotgan koalitsion hukumat bilan hamkorlik davom etadi deya ishonch bildirgan. Unincha, rasmiy Islomobod birinchi navbatda Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarida tartib o’rnatishi kerak. Afg’oniston va Pokiston chegaradagi ahvol yuzasidan bir-birini ayblab keladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistondagi tinchlikparvarlik missiyasini yana bir yilga uzaytirdi. Norvegiyalik diplomat Kay Eyd BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Afg’onistondagi maxsus vakili etib tayinlandi.

Uning ilk vazifasi, deydi AQShning BMTdagi elchisi Zalmay Halilzod, afg’on hukumati bilan ishonchli munosabatlar o’rnatish va xalqaro yordamni qanday taqsimlash haqida kelishib olish.

Afg’onistonda hozir 30 davlat o’z elchixonasiga ega. BMT agentliklari, to’rt taraqqiyot banki va moliya idoralari hamda 2 mingdan ortiq nohukumat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Biroq, deydi Halilzod, ular ishini muvofiqlashtiruvchi organ yo’q. Bu rolni Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’z bo’yniga olishi kerak, deydi AQShning bu tashkilotdagi elchisi.

XS
SM
MD
LG