Qiz va o'g'il bolalarni alohida sinflarda o'qitgan ma'qulmi?


Yaqin kelajakda Amerikadagi aksariyat maktablarda qizlar va o’g’il bolalar alohida sinflarda ta’lim olsa ajabmas.

Hozirning o’zida AQShning 360 maktabida o’qitishning mana shunday uslubi joriy etilgan.

Bu usul kimgadir ma’qul, kimgadir esa yo’q. Aqliy qobiliyatning jinsga nima aloqasi bor deb hayron bo’ladi tanqidchilar. Sababini olimlar quyidagicha izohlaydi.

Psixolog Leonard Saks uzoq yillar davomida o’gil bolalar va qizlar o’rtasidagi farqni o’rgangan.

“Olimlar shunday tadqiqot o’tkazgan. Belanchakda 2 chaqaloq yotibdi – biri o’g’il, biri qiz. Agar uning bir yoniga onasi, ikkinchi tomoniga g’ir-g’ir aylanuvchi o’yinchoqni qo’ysak, qiz onasiga, o’g’il esa o’yinchoqqa qarar ekan. Ya’ni jinslar tug’ilishi bilan turlicha fikrlaydi”.

Ularning ko’rish qobiliyati har xil deydi doktor Saks. Deylik, qizlar ranglarga e’tibor beradi, bolalar esa harakatga. Yoki masalan o’qituvchi sal baqirib gapirmasa, o’g’il bola unga qaramaydi hatto. Qiz bolalar esa ohista gapiradigan muallimni bemalol tinglay oladi. Demak, ularni har xil yo’l bilan o’qitish zarur deydi mutaxassislar.

1972 yilda Qo’shma Shtatlarda maxsus qonun qabul qilinib, maktablarda bolalarni jinsiy jihatdan ajratish taqiqlangan. Biroq 2006 yilda prezident Bush tashabbusi bilan bu qonun bekor qilindi.

Bundan ko’zlangan asosiy maqsad - ham qizlar, ham o’gil bolalarni avvalgi qoliplardan ozod qilish.

Britaniyada o’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, faqat qizlar o’qiydigan maktabni bitirgan qizlar aniq fanlar – matematika, fizika va axborot texnologiyalariga ko’proq qiziqish bildirar ekan.

O’g’il bolalarda ham o’xshash holat kuzatilgan. Bolalar tasviriy, amaliy san’at kabi gumanitar sohalarni tanlashdan uyalib, tortinib o’tirmaydi deydi olimlar.

AQSh universitetlarida o’qitishning bu usulini joriy etish o’rinlimi deb so’raymiz doktor Leonard Saksdan.

“Menimcha yo’q. Hozir Amerikada faqat ayollar o’qiydigan 60 ga yaqin kolleji va, adashmasam, erkaklar uchun 3 kollej bor. Biroq vaqt o’tib bunday kollejlar kamayib boradi deb o’ylayman”.

AQShda alohida sinflarda o’qigan qiz va o’g’il bolalarning baholari ham yaxshilangan. Albatta bunga erishish uchun ularni ajratishning o’zi yetarli emas. Maxsus tayyorgarlik va dasturlar ishlab chiqilgach, o’qitishning yangi usuliga o’tish mumkin.

Ayrim mutaxassislar nazarida qizlar yoki o’g’il bolalarni alohida o’qitish tartibini barcha maktablarda joriy etish to’g’ri emas. Har xil ta’lim muassasalari uchun joy yetarli. Odamlarda tanlash huquqi bo’lishi kerak, deydi ular.

Yangicha ta’lim usulini taklif qilayotgan uyushma va tashkilotlar esa qizlar va bolalar o’rtasidagi ayrim farqlarga to’xtaladi:

O’g’il bolalar fanga qiziqsagina uni berilib o’rganadi. Qizlar esa ko’pincha ota-onasi yoki o’qituvchisini xursand qilish uchun ham dars qiladi;

Aniq fanlar, masalan, matematika darsida o’g’il bolalar raqamlarga e’tibor beradi. Qizlar esa hayotiy misol orqali yechim topishga harakat qiladi;

Qizlar ko’proq a’lo baho oladi. Biroq o’ziga tanqidiy yondashgani uchun, ularni ko’proq rag’batlantirish zarur.

(Manba: National Association for Single Sex Public Education)

AQSh Ta’lim vazirligining bildirishicha, ushbu xulosalar asosida maktablarda alohida sinfxonalar tashkil etishga qisman ilmiy tajriba deb qarash kerak. Buning natijasi, ya’ni maktablarda ta’lim sifati sinchiklab tekshiriladi.

AQShda o’qish va ishlash imkoniyatlari haqida savollar bo’lsa, ularni elektron manzilimizga yo’llang: uzbek@voanews.com. Javoblarni dushanba kungi dasturlarimizda tinglang.

XS
SM
MD
LG