Rossiya xorijiy sarmoyalarni cheklamoqchi


Rossiya parlamentining quyi palatasi, Duma mamlakatda strategik deb hisoblangan sanoatlarga xorijiy investorlarning sarmoya kiritishini cheklovchi qonun qabul qildi.

Qonunda 42 ta sektor strategik deb belgilangan. Ularga harbiy uskuna va yadro materiallarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi hamda mineral resurslarni qazib oluvchi korxonalar va ommaviy axborot vositalari kiradi.

Qonunda tilga olingan yo’nalish bo’yicha ish olib boruvchi korxonaning 50 foizdan ortiq aksiyasini sotib olmoqchi bo’lgan xorijiy xususiy investor Rossiya hukumatining iqtisodiy va xavfsizlik idoralaridagi rasmiylaridan tuzilgan maxsus komissiya ruxsatini olishi kerak bo’ladi.

Davlat tasarrufidagi xorijiy sarmoyadorlar esa strategik korxona aksiyasining 25 foizdan ortig’ini xarid qilmoqchi bo’lsa, ushbu komissiya ruxsatini olishi lozim.

Qonun kuchga kirishi uchun Federatsiya Kengashi uni tasdiqlashi, prezident esa imzolashi kerak.

Moskvalik tahlilchi Nikolay Petrovning aytishicha, 10 yil burun Rossiya jon-jahdi bilan chet el sarmoyalarini jalb qilishga urinardi. Hozir esa vaziyat o’zgarmoqda. Hukumat nazoratni kuchaytirmoqda.

Hukumat nafaqat o’z korxonalarini, balki chet el kompaniyalarini ham nazorat qilishga harakat qilyapti. Joriy oy boshida Rossiyada ishlayotgan British Petroleum kompaniyasining ikki xodimi Federal Xavfsizlik Xizmati tomonidan iqtisodiy josuslikda ayblanib hibsga olingan.

Moskvalik yana bir siyosiyatshunos Nikolay Paxomovning aytishicha, raqib kompaniyalar orasidagi josuslikning bu turi tez-tez uchrab turadi.

Hukumat, shuningdek, British Petroleumning Sibirdagi Samotlor neft konini tekshirishni buyurgan.

2006 yili Shell kompaniyasining Saxalindagi loyihasi atrof-muhitni zararlantirayotganlikda ayblanib, taftish qilingan edi. Kompaniya 22 milliard dollarlik loyihaning boshqaruv paketini Gazpromga sotgandan keyingina taftish tugatilgan edi.

AQShda asoslangan Xeritij tashkilotining Moskvadagi vakili Yevgeniy Volkka ko’ra, hukumat Rossiya tabiiy resurslari ustidan nazoratni qo’lga olmoqchi. Qurollar va neft sohalari ham shular jumlasidan, deydi Volk.

7 may kuni Dmitriy Medvedev rasman prezidentlik lavozimiga kiradi. Vladimir Putin esa bosh vazir bo’lishi kutilmoqda.

Tahlilchi Yevgeniy Volk nazarida Putin ma’muriyati 7 maygacha ta’sirini ana shu tariqa kuchaytirmoqchi.

Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisoblariga ko’ra, 2007 yilda Rossiya eksportining 64 foizi neft va gaz sanoatiga to’g’ri kelgan.

XS
SM
MD
LG