Ukraina NATOga kirish uchun Rossiya bilan hamkorlikdan kechadimi?


NATO sharq tomon kengayish harakatida ekan, bu rejani quvvatlovchi AQSh rahbari Jorj Bush aprel boshida Ukraina, Ruminiya va Xorvatiyaga safar qiladi.

Amerika bu davlatlarga demokratiya taraqqiyoti yo’lida yordam berishga tayyor ekanini bildirmoqchi.

Rossiya bu qadamlarni chuqur norozilik bilan kuzatmoqda.

O’tgan oy Kremlda Ukraina prezidenti Viktor Yushenkoni qabul qilganida, prezident Vladimir Putin NATO raketalari Ukraina sarhadiga kirsa, bu qanday oqibatlarga olib borishi haqida ogohlantirgan edi.

"Rossiya bunga javoban o’z raketalarini Ukrainaga qaratishga majbur bo’ladi. Bu haqda o’ylashning o’zi dahshatli”,- degan edi Putin.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Putinning bu so’zlarini mantiqsiz deb baholagan. Uning nazarida Rossiyaning xavotiri o’rinsiz.

"Ukraina mustaqil va suveren davlat. Sovet Ittifoqi davridagidek fikrlash vaqti o’tgan. Rossiya yangi zamon shart-sharoitlariga o’rganishi lozim”,- deydi Rays.

Biroq Amerika rasmiylari sobiq SSSR hududidagi endilikda mustaqil davlatlar NATOga hali ham sovuq urush davridan qolgan harbiy ittifoq, G’arbni mudofaa qiluvchi tashkilot sifatida qarashini biladi.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Aleksandr Konovalov fikricha esa Putinning g’azabga to’layotganiga shaxsiy munosabat deb qarash lozim. Lekin, deya eslatadi mutaxassis, Rossiya Ukrainada qator manfaatlarga, jumladan o’zining SS-18 raketasiga ega. Uning motori Ukrainaning Yujmash raketa zavodida ishlangan.

"Yujmash SS-18 raketalarini saqlaydi va nazorat qiladi. Ular jangovar holatda. Ukraina Rossiya bilan bu borada uzoq yillardan beri hamkorlik qiladi”, - deydi Konovalov.

Rossiyaning ko’plab vertolyot va harbiy kemalari ham Ukrainada ishlangan. Qora dengiz bo’yida, Sevastopolda turgan yirik jangovar kema Rossiya-Ukraina orasidagi shartnomaga binoan 2017 yilgacha joyida qoladi.

Ukraina NATOga kirmoqchi ekan, Rossiyadek yirik qo’shni bilan maslahatlashishi va u bilan harbiy hamkorlik masalalarini ko’rib chiqishi lozim deydi mutaxassislar. Chunki NATO qonunlariga ko’ra, a’zo davlat o’z hududida a’zo bo’lmagan mamlakatning qo’shin yoki harbiy vositalarini saqlay olmaydi.

Rossiyaga tegishli arsenalni ko’chirish esa milliardlab dollarga tushadi va uzoq yillar oladi. Ukraina iqtisodiy jihatdan Rossiyaga tobe ekan, deydi siyosiy sharhlovchilar, NATOga kirish uning cho’ntagiga og’ir kelishi tabiiy.

Ukrainaning a’zolikka kirish arizasi 2 aprelda Buxarestda ochiladigan sammitda ko’rib chiqiladi. Mamlakatda o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasi xalq masala yuzasidan teng ikkiga bo’linganini ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG