AQSh saylov tizimida monitoring juda muhim amaliyot


AQShda saylovlar tartibiga ko'ra, jarayonni Respublikachi va Demokratik partiyalarida chiqqan kuzatuvchilar, ya'ni hakamlar nazorat qiladi.

Demokratik jamiyatda saylovlarning halol o’tkazilishi o’ta muhimdir. Ba’zida “hakamlar” deb nomlanadigan siyosiy partiyalar kuzatuvchilari saylovchining jarayonga ishonchi yo’qolmasligini nazorat qiladi.

Jons Xopkins Universiteti xodimi Ben Ginsbergning aytishicha, har bir saylov uchastkasida demokratlar va respublikachilardan bittadan hakam bo’ladi. Saylovchi ovoz berishga kelganda ular fuqaroning hujjatlarini tekshirib, uning ana shu uchastkada ro’yxatdan o’tganiga amin bo’lishlari kerak.

Kuzatuvchilar ishini puxta bajarishi uchun maxsus dasturdan o’tadi. Margaret Yurgensen Merilend shtatining Montgomeri okrugida hakamlarni tayyorgarlikdan o’tkazadigan idora rahbari.

Uning aytishicha, dastur juda ham puxta bo’lib, hakamlar ovoz beruvchi mashinalar bilan ishlashga o’rgatiladi. Uchastkaga kelib ro’yxatdan o’tgan saylovchilar sonini saylov kuni davomida bir necha bor kompyuterga tushgan ovozlar soniga taqqoslashadi.

Hakamlardan tashqari saylov uchastkalarida ko’p hollarda turli tashkilot vakillari va hattoki xorijliklar ham kuzatuvchilik qiladi. Masalan, 2006 yilgi Kongress saylovlariga Rossiyadan kuzatuvchilar kelgan edi.

Jorj Meyson Universiteti professori Maykl Makdonald ta'biricha saylovlarni sinchkovlik bilan kuzatish an’anasi AQSh tarixi boshiga borib taqaladi.

"AQSh asoschilari hukumatga ishonmagan. Saylovlarning ochiq va adolatli o’tishi uchun partiyalarni bir-birini nazorat qilish tizimini joriy etgan", - deydi Maykl Makdonald.

XS
SM
MD
LG