Afg'on askarlari AQShda tayyorgarlikdan o'tmoqda


Afg’onistonga ketishga hozirlanayotgan 300 nafar AQSh askari 31 nafar afg’on zobiti bilan Kanzas shtatida tayyorgarlikdan o’tmoqda. Amerikalik zobitlar afg’on askarlariga harbiy sirlardan, afg’onlar esa amerikaliklarga mamlakati haqida saboq bermoqda.

Qo'shma mashqlar ssenariysi Afg’onistondagi vaziyatga o’xshash qilib yaratilgan. Askarlar muhim terrorchini qo’lga tushirish maqsadida jangari guruh o’rnashib olgan bir qishloqni tekshirmoqda. Qishloq aholisi va jangarilar rolini amerikalik afg’onlar o’ynab bermoqda. Ssenariy bo’yicha, askarlar qishloqqa sekingina kirib, jangarilar joylashgan uyni topishi va atrofdagi tinch fuqarolarga zarar yetkazmay uni egallashi kerak.

Operatsiyani mufavvaqiyatli bajarish uchun mahalliy xalq madaniyati va an’analaridan xabardor bo’lish kerak. AQSh qo’shinlariga qishloq oqsoqollarini hurmat qilish hamda afg’on xavfsizlik kuchlari bilan birga harakat qilish o’rgatiladi. Afg’on armiyasining AQShga kelgan 31 zobiti ularga mashqlarda yordam bermoqda.

Podpolkovnik Jon Negal jangarilarga qarshi kurash usullari haqida harbiy qo’llanma muallifi. Al-Qoida va Tolibonni yengish uchun afg’on xalqini tushuna bilish kerak, deydi u.

"Madaniyatni tushunish, o’sha madaniyat ichida ish yurita bilish, turli odamlarning fikrlashi va qadriyatlarini anglash juda muhimdir," deydi AQSh podpolkovnigi.

Bazada afg’on va AQSh harbiylari mashg’ulot davomida bir-birining tilini ham o’rganmoqda.

Afg’on armiyasi serjanti Rahmatulla Ahmad Zayning aytishicha, amerikaliklar ulardan Afg’oniston haqida, afg’on askarlari esa amerikaliklardan ilg’or harbiy texnologiya haqida ma’lumot olmoqda. Ularning Afg’oniston haqidagi bilimlari hozircha nazariy xolos, deydi u.

"Ular ham, biz ham bir xil maqsadga egamiz – al-Qoida va boshqa terrorchilar hamda narkokuryerlani yo’q qilish," deydi u.

Guruh qo’mondoni kapitan Najibullo Askarzodaning aytishicha esa, Afg’oniston armiyasini oyoqqa turgizib, kuchaytirish mamlakat xavfsizligi uchun juda muhim.

"Chekka joylarda maktab, kasalxona, masjidlarni qurishdan oldin xavfsizlikni ta’minlash kerak. Buning uchun esa yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan, mukammal qurol va anjomlarga ega armiya bo’lishi kerak."

Fort Rayli bazasi qo’mondoni, Afg’onistonda xizmat qilgan AQSh armiyasi general mayori Robert Durbin bir kun kelib afg’on armiyasi AQSh kuchlari yordamisiz xavfsizlikni ta’minlay olishiga ishonadi.

"Bunga bir, ikki, balki uch yil vaqt ketar. Biroq hozirning o’zidayoq ayrim operatsiyalarda afg’on maxsus kuchlari yolg’iz ishtirok etmoqda," deydi general.

Amerikalik murabbiylarning aytishicha, afg’on askarlari g’ayrat va shijoat bilan mashq qilmoqda.

XS
SM
MD
LG