Breaking News

Prezident Bush 6 aprel kuni Rossiyada bo'ladi


Prezident Bush 6 aprel kuni Rossiyaga tashrif buyurib mudofaa tizimi rejasini muhokama qiladi. Bush Rossiyaga Vladimir Putin taklifi bilan yo’l olmoqda. Aynan o’sha kunlarda Bush Ukraina va Xorvatiya hamda NATO sammitida ishtirok etish uchun Ruminiyada ham bo’ladi.

AQSh va Rossiya prezidentlari Qora dengiz bo’yidagi Sochi shahrida uchrashadi. Bu Putinning Bush bilan prezident sifatida so’nggi uchrashuvi bo’ladi. Ma’lumki, 7 maydan boshlab Dmitriy Medvedev prezident lavozimiga kiradi.

AQShda ham saylov kampaniyasi avjida ekan, ikkala rahbar prezidentlikdan ketishdan oldin ayrim masalalarga yechim topmoqchi. Va xususan mudofaa tizimi rejasi bo’yicha. Bush Putinni rejaga ko’ndira olaman deb aytmoqda.

Yaqinda ushbu masala bo’yicha Rossiyada AQSh mudofaa vaziri va davlat kotibi ham bo’lgan.

Bushning aytishicha, Sochidagi uchrashuv Geyts-Rays uchrashuvining davomi bo’ladi.

Oq uy xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedliga ko’ra, 6 aprelga rejalangan uchrashuv mudofaa tizimi rejasi bo’yicha mavjud qarama-qarshiliklarga barham berish uchun ajoyib imkoniyat.

Kreml AQShning Chexiyada radar tizimi, Polshada esa raketa urib tushiruvchi moslamalarni o’rnatish rejasini o’z xavfsizligiga tahdid deb bilib, unga qarshi chiqmoqda. Oq uy esa tizim Eron kabi davlatlarning Yevropaga ehtimoliy hujumini qaytarishga mo’ljallangan demoqda.

Stiven Xedlining aytishicha, Bush ma’muriyati Rossiyani ishontirish uchun turli takliflar bilan chiqmoqda.

"AQSh, Yevropa va Rossiya Yaqin Sharqdan kelayotgan xavfning oldini olish uchun teng hamkor sifatida birgalikda ishlashi zarur."

Bush Putin bilan, shuningdek, Eron yadro dasturini ham muhokama qilmoqchi.

XS
SM
MD
LG