NATO sammitida Afg'onistondagi vaziyat muhokama qilinadi


2-4 aprel kunlari Ruminiya poytaxti Buxarestda Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki (NATO) sammiti bo’lib o’tadi. Unda tashkilotga a’zo 26 davlat rahbarlari ishtirok etadi. NATOga a’zo bo’lmagan ayrim davlatlardan ham delegatsiyalar kutilmoqda. Sammitda muhokama qilinadigan asosiy masala – alyansning Afg’onistondagi faoliyati.

NATO Afg’onistonda 2003 yildan buyon harakatlanadi. Bu tashkilotning a’zo mamlakatlar jug’rofiyasidan tashqaridagi ilk missiyasi.

Mutaxassislar fikricha, NATO Afg’onistonda o’z oldiga uchta vazifa qo’ygan. Prezident Hamid Karzay hukumatiga mamlakatni barqarorlashtirish va qayta qurish ishlarida yordam berish. Afg’oniston armiyasi va politsiyasini tayyorgarlikdan o’tkazish. Va nihoyat Tolibon mahkam o’rnashib olgan mamlakat janubini jangarilardan tozalash.

Afg’onistonda BMT mandatiga ega 43 ming NATO qo’shini xizmat qilmoqda.

Charlz Kupchan Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi xodimi. Uning aytishicha, NATOning Afg’onistondagi yutuqlari haqida gapirishga hali erta.

"Afg’oniston hukumati NATO tufayli oyoqda turibdi. Albatta hukumatning butun mamlakat bo’ylab nazorati yo’q. Tolibon janubda mavqeini tiklashga muvaffaq bo’ldi. Zo’ravonliklar kuchaymoqda, suiqasd xurujlari ko’paygan," deydi Kupchan.

Aksariyat tahlilchilarga ko’ra, sammitda qizg’in muhokama qilinishi kutilayotgan masala – bu Afg’onistonga qo’shimcha askar yuborish.

Klinton prezidentligi davrida AQShning NATOdagi elchisi bo’lgan Robert Xanterning aytishicha, AQSh hukumati Afg’onistondagi operatsiyalarda sust yordam berayotgan NATO a’zolaridan ko’proq hissa qo’shishni so’rashi kerak.

"Chunki u yerda faqat AQSh, Gollandiya, Estoniya, Polsha, Britaniya, Kanada kabi bir nechta davlat shijoat ko’rsatmoqda xolos," deydi Xanter.

Gap shundaki, ayrim a’zo davlatlar hukumatlari o’z qo’shinlarining Afg’onistonda jangovar vaziyatlarda ishtirokini cheklagan yoki umuman man qilgan. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bu cheklovlarni tanqid ostiga olgan. “Ular NATO birdamligi va uning Afg’onistondagi missiyasiga putur yetkazmoqda” dedi Geyts. Sammitda ana shu masala ko’ndalang qo’yiladi.

Tahlilchi Charlz Kupchan ta’biricha, tashkilot ikkiga bo’linmoqda. Ayrimlar Afg’onistonda tinchlikning o’rnatilishi Yevropa manfaatlari uchun muhim desa, boshqalar o’zgacha fikr bildiradi, deydi u.

NATO obro’si ko’p jihatdan uning Afg’onistondagi operatsiyalariga bog’liq, deydi siyosatshunos Patrik Jekson.

"Sovuq Urushi tugaganidan beri NATO o’zining borligini oqlashga urinyapti. Sovuq Urushi davrida bunga hojat yo’q edi, chunki uning vazifalari, raqiblari ayon edi. Shu sabab Afg’onistondagi missiya tashkilotga o’zligini tanishda yordam beryapti," deydi Patrik Jekson.

Norvegiya Mudofaa masalalari bo’yicha institut mutaxassisi Oslay Toyening aytishicha, NATOning Afg’onistondagi missiyasi o’ta muhimdir.

"Agar missiya muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki ayrim a’zo davlatlar askarlarini chaqirib olishi oqibatida nihoyasiga yetmay to’xtatilsa, bu Amerikaning kelajakda NATOga bo’lgan ishonchini yemirishi turgan gap. Ana o’shandan keyin alyans harbiy-mudofaa birlashmasidan asta-sekin demokratik davlatlarning konsultativ klubiga aylanadi," deydi norvegiyalik mutaxassis.

NATOning Buxarestdagi sammitida qabul qilingan qarorlar alyans kelajagini belgilaydi.

XS
SM
MD
LG