AQSh elchisi: O'zbekiston bilan til topishishga umid bor


AQShning O’zbekistondagi elchisi Richard Norlandning Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashib, ayrim muhim masalalarga aniqlik kiritgan.

Uning aytishicha AQSh va O`zbekiston o`rtasida harbiy aerodomdan foydalanish haqida ikki tomonlama bitim imzolanmagan.

O`zbekistonda AQSh o'z harbiy bazasiga ega emas va Amerika harbiylarining NATO doirasida O'zbekiston orqali Afg`onistonga safarbar etilishi rasmiy Toshkent bilan alohida muhokama etiladi.

Elchi Norland O`zbekistonda 2008 yildan boshlab o`lim jazosi bekor qilingani va hibsga olish sanksiyasining sudlar vakolatiga o`tkazilganini yuqori baholagan.

Xalqaro hamjamiyat O`zbekiston hukumatini yakkalamoqchi emas, balki hamkorlik va o’zaro muloqot yo’lga qo’ymoqchi deydi u.

AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo bo`yicha muvaqqat muovini Pamela Spratlen uch kunga O`zbekistonga tashrif buyurgan.

Respublika rasmiylari bilan uchrashuvlarda Spratlen xonim Afg`onistondagi vaziyat, xavfsizlik, inson huquqlari, iqtisoiy aloqalar va madaniy rishtalar yuzasidan gaplashadi.

Elchi Norland fikricha “General Motors” kompaniyasining O`zbekistonda ish boshlashi ulkan iqtisodiy qadam. Lekin, deydi u, biznes munosabatlarining taraqqiy etishi yo'lida to'siqlar bor.

"Sir emaski, AQShning O`zbekistonda ishlayotgan ayrim kompaniyalari iqtisodiy muhitdan xursand emas. Birinchi darajadagi muammo konvertatsiya masalasi bo`lib qolmoqda. Biroq “General Motors” kompaniyasi biznes uchun O`zbekistonni tanlashi progress deya baholanishi mumkin”, - deb ta'kidlaydi Richard Norland.

Yaqinda O`zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq “UzDaewoo Avto” zavodi qoshida AQShning “General Motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda qo`shma korxona tashkil etildi. Korxona 5 yil muddatga soliqlardan ozod qilindi.

Elchining aytishicha talabalar orasida yaxshi tanilgan ACCELS va IREX kabi tashkilotlarni O`zbekistonga qaytarish haqida ham muzokaralar ketmoqda.

XS
SM
MD
LG