Xalqaro maydonda Xitoyga nisbatan norozilik kuchaygan


Avgust oyida Xitoy ilk bor Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qiladi. Rasmiy Pekin bu tadbirga uzoq tayyorgarlik ko’rgan. O’yinlarni o’tkazish deyarli 2 milliard dollarga tushadi.

Xitoy qadim tarixi va madaniyati, iqtisodiy ko’rsatkichlari hamda jamiyatidagi uyg’unlik haqida targ’ibot-tashviqot ishlari avjida.

Biroq huquq faollari hukumatni qator jinoyatlarda va va’dabozlikda ayblaydi.

Xitoy hukumati mamlakatdagi muammolarni yashirishga urinmoqda deyayotganlar ko’p. Ko’pchilikning diqqat markazida huquq ahvoli va senzura.

Chegara Bilmas Muxbirlar tashkilotiga ko’ra internetda maqolalar chop etgani yoki man etilgan sahifalarga kirgani uchun qamalganlar soni kamida 51 kishi. O’tgan yili Xitoy 2,500 dan ortiq saytni yopgan. Rasmiy Pekin Tibetdadi namoyishlarni kuch bilan bostirgani uchun ham keskin tanqid ostida.

“Xitoy Olimpiya o’yinlari mezboni bo’lish uchun huquq ahvolini yaxshilashga va’da bergan edi”,- deydi Korinna Fransis, Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili. “Oradan yetti yil o’tibdiki va’dalar haligacha bajarilgani yo’q”.

Ammo rasmiy Pekin inson huquqlari va Olimpiya o’yinlari ikki alohida masala deb keladi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Olimpiya o’yinlarini siyosiylashtirishga yo’l qo’ymaymiz” deya bayon qilgan.

Tibetdagi namoyishlarga nima sababchi bo’lgani va qancha qon to’kilgani haqida aniq ma’lumot yo’q. Xorijiy jurnalistlar hududdan chiqarib yuborilgan. Faollar poytaxt Lasada 140 kishi halok bo’lganini aytsa, hukumat atigi 20 kishi o’lgan deydi.

Amerika Ovozi ning Pekindagi muxbiri Stefani Xoning xabar berishicha davlat matbuoti va televideniyesida namoyishchilar “bezorilar to’dasi” yoki “jinoyatchi guruhlar” deb tasvirlanmoqda. Tibet rahnamosi Dalay Lama ularga boshchilik qilayotganlikda ayblanmoqda.

Buchung Tsering Tibet ozodligi uchun xalqaro kampaniya yetakchilaridan. “Xitoy siyosati va qonunlari Tibet xalqi, madaniyati va dinini tan olmaydi”,- deydi u. Buddistlar avliyo deb bilgan, mo’tadil deb tanilgan Dalay Lamani Xiyot hukumati doimiy tarzda qoralab keladi, bo’lginchilikda ayblaydi. “Tibet xalqi”, - deydi Tsering, “uzoq yillik zulmga qarshi bosh ko’tarmoqda”.

Tibetning quvg’indagi hukumati Hindistondan qo’nim topgan. Vaziyatni yoritib kelayotgan jurlalist Jahongir Pochaning aytishicha Pekin va Tibet orasidagi muammoning o’zagi hududiy kelishmovchiliklarga borib taqaladi.

Xitoy hukumati va Dalay Lama orasida 2002 yildan beri olti marta muzokara o’tkazilgan, ammo natija bermagan. Ba’zilar Olimpiya o’yinlarini boykot qilishga chaqirmoqda. Pekin siyosatini o’zgartirish uchun boshqa choralar ish bermasa, deydi tahlilchilar, G’arb hukumatlari ham shu yo’lni tanlashi mumkin.

Prezident Bush ochilish marosimida ishtirok etishga va’da bergan, ammo Xitoyni Tibet huquqlarini hurmat qilishga undamoqda.

XS
SM
MD
LG