Dunyo ahli O'zbekistondagi ahvol haqida to'liq ma'lumotga ega emas


O’zbekistonda diniy ayblov bilan qamalgan yana bir mahbus vafot etgan. Marhumning onasi o’g’lini biroz avval qamoqxonada sog’-salomat ko’rganini aytmoqda.

27 yoshli Abdurahim Toshpo’latovning o’limiga nima sababchi bo’lgani hozircha noaniq. Huquq himoyachilari Toshpo’latov qiynoqqa solinganini taxmin qiladi. Qamoqxonalarda vafot etayotgan mahbuslarning aksariyati diniy sabablar bilan yoki konstitutsiyaga tajovuz qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan.

Huquq faoli Surat Ikromovning aytishicha, Toshpo’latovning o’limi shu yil hisobida ma’lum bo’lgan birinchi holat, lekin o’lim sababi kasallik deb ko’rsatilgan holatlar ko’p.

Tazyiqlar asosan e’tiqodi tufayli qamalganlarga ko’rsatiladi, deydi Ikromov. Mahbuslarni prezidentdan kechirim so’rashga majbur qilishadi. Namoz o’qishga ruxsat berilmaydi.

“Ular esa har qanday yo’l bilan namoz o’qishga harakat qiladi. E’tiqod shunday narsa, unga qarshi kurashish og’ir. Qamoqdan chiqqan kishilar bilan uchrashganman. Aytishlaricha eng tartibli mahbuslar bu diniy e’tiqod uchun qamalganlar. Qamoqxonadagilarga ko’ra ularga nisbatan qiynoq qo’llash, jazo belgilash yuqoridan berilgan topshiriqqa ko’ra amalga oshiriladi”, - deydi Surat Ikromov.

O’zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam qo’llanilishi ma’lum. Yaqinda Xalqaro Qizil Xoch Jamiyati vaziyatni o’rganishga kirishdi. Tashkilotga ruxsat berilgani G’arb tomonidan olqishlandi. Ammo Surat Ikromov nazarida vaziyatni, ayniqsa qiynoqlar bilan bog’liq vaziyatni o’rganishga imkon berilayotgani shubhali hol.

“Mahbusmi yoki sudlanuvchi bo’ladimi, o’sha joyga borish uchun ular ariza yozishadi. Lekin Qizil Xoch kelguncha qiynoqqa uchragan mahbusni boshqa joyga ko’chirib yuborishadi”, - deydi Ikromov.

AQShning Toshkentdagi elchisi Richard Norland jurnalistlar bilan uchrashuvda 2008 yilda O’zbekistonda qator ijobiy siljishlar bo’lganini qayd etgan. Huquq himoyachilarining ba’zilari ozod etilgani, o’lim jazosi bekor qilingani, qamoqqa olish sanksiyasini sudlar vakolatiga o’tishi misol qilib keltirilgan.

Huquq himoyachilari esa shu bilan birga faollarni qamoqqa olish davom etayotganini aytadi.

Huquq himoyachilari alyansi vakili Abdulla Tojiboy o’g’lining aytishicha, jamiyatda erkinlik norozilikni ochiq bildirishni ham nazarda tutadi - bu boradagi vaziyat esa keskinlashmoqda. O’zbekiston prokuraturasi oldida siyosiy talab bilan aksiya o’tkazgan huquq himoyachilari hokimyat vakiliga bo’ysinmaslikda ayblanib, ularga jarima solingan.

“Hech bir qarshiliksiz avtobusga chiqdik. Keyin ichki ishlar boshqarmasiga keldik. Mana sud zalida o’tiribmiz, biror qarshilik qildikmi deb so’radim militsiyadan. Yo’q korsatmadingiz dedi, lekin baribir sud bizni aybdor topib, 37 ming so’mdan jarimaga tortdi. Davlatdan, hukumatdan hech qanada norozilik yo’q bizda degan narsani ko’rsatish uchun qilishayapti buni”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Ayni paytda mahalliy faollardan yana biri, norozilik aksiyasi o’tkazgan shoir Yusuf Juma hokimiyat vakiliga bo’ysinmaslik, tajovuz qilish va haqoratlashda ayblanib hibsda o’tiribdi.

Abdulla Tojiboy o’g’liga ko’ra G’arb mamlakatlari O’zbekistondagi mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli haqida to’liq tasavvurga ega emas.

“Munosabatlar iliqlik boshlandi degandek olib borilayapti. Aslida esa ichkarida o’sha qamashlar, tazyiqqa olishlar. Qamoqxonalardan o’liklar chiqishi davom etmoqda”, - deydi Tojiboy o’g’li.

XS
SM
MD
LG