Al-Sadr janglarni to'xtatishga chaqirmoqda


Iroq hukumati shialar yetakchisi Muqtada al-Sadrning hukumat va koalitsiya kuchlariga qarshi ko’cha janglarini to’xtatish haqidagi buyrug’ini olqishlamoqda. U, shuningdek, Iroq hukumatidan jangarilariga amnistiya berishni so’ragan.

O’tgan seshanbadan beri Basra va boshqa shaharlarda Sadr jangarilari hukumat kuchlari va koalitsiya qo’shinlari bilan olishayotgan edi.

Muqtada al-Sadr vakili Hazim al-Aarajiga ko’ra, kechagi bayonotda Sadr jangarilarini hukumat bilan hamkorlik qilishga buyruq bergan va rasmiy Bag’doddan Mahdi armiyasi mahbuslarini ozod etishni so’ragan.

Qurol tashlamagan va hukumat askarlarini nishonga olishda davom etgan har bir kishi Sadr harakatidan chiqariladi, deydi al-Aaraji.

Muqtada al-Sadr hukumatdan reydlarni to’xtatishni ham so’ragan.

AQSh qonunchilari Sadr buyrug’ining natija berishiga shubhalanmoqda.

Respublikachi senator Lindsi Grexemning aytishicha, shia jangarilari Eron tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

"Sadr shialar ustidan qanchalik hokimiyatga ega? Janglarni to’xtatishga buyruq bersa, unga bo’ysuniladimi? Parlamentda Sadr tarafdorlari ozchilik o’ringa ega," deydi AQSh senatori.

Demokrat senator Jek Rid fikricha bu siyosiy o’yin.

"Janglar hali davom etadi. Muammo shundaki, ular uzoq davom etishi, qonli kechishi va boshqa jamoalarni ham jalb qilishi mumkin," deydi senator Rid.

XS
SM
MD
LG