AQSh dunyo bo'ylab o'z ta'lim maskanlarini reklama qilmoqda


Har yili Amerika chet eldan yarim milliondan oshiq talaba qabul qiladi. O’qish esa arzon emas.

Xorijlik yoshlar Amerika iqtisodiyotiga 10-15 milliard dollar miqdorida daromad olib keladi.

AQSh ta’lim muassasalari shu bois o’zini xalqaro miqyosda reklama qiladi. Nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy maqsadlar yo’lida.

AQSh Tijorat vazirligi hisob-kitobiga ko’ra, 2006 yilda Amerika ta’lim yo’nalishida 14 yarim milliard dollar foyda qilgan.

“Eksport uchun mo’ljallangan xizmatlarimizning eng yirigi va, shubhasiz, eng muhimi – bu ta’lim”, - deydi Aleksandr Feldman, AQSh Davlat kotibining xalqaro savdo bo’yicha sobiq muovini.

Shu qadar yirik va muhimki, 2001 yilgi terror xurujlaridan so’ng chet ellik yoshlar AQShga kelishdan qo’rqib qolgach, byudjet kattagina daromad manbaidan quruq qolgan edi.

Feldman ularni qaytarish uchun maxsus dastur ishlab chiqqan rasmiylardan.

Loyiha uchun Amerika universitetlari pul ajratgan. Uning doirasida AQShdagi xorijlik talabalar haqida teleko’rsatuv va veb-saytlar tayyorlandi.

“Maqsad dunyo yoshlariga AQShda hayot va o’qish qanday ekanini ko’rsatish. Ko’rsin, havas qilsin, o’rnak olsin, harakat qilsin. Ko’rsatuvlarni tomosha qilgan yoshlarda imtihon va sinovlardan o’ta olaman degan ishonch paydon bo’ladi”,- deydi Feldman.

Mazkur targ’ibot kampaniyasi asosan Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga mo’ljallangan. Aynan shu ikki davlat Amerikaga eng ko’p talaba jo’natadi.

“Xitoy ta’lim tizimida ayrim kamchiliklar bor",- deydi bu mamlakatdan kelgan talaba Zang Fuyang. "Masalan, o’qishga kirishdan oldin asosiy mutaxassisligim nima bo’lishini belgilab olishim kerak. Vaholanki, sinab ko’rmasdan oldin kimning tanlagisi keladi? Har xil yo’nalishni ko’rib, bilib, keyin bir kasbda to’xtashni xohlayman. Shu jihatdan AQSh universitetlari menga ma’qul".

Xorijdan yoshlarni chorlash ishlari samara bergan ko’rinadi. Xalqaro Ta’lim Instituti hisobotiga ko’ra, chet ellik yoshlar yana Amerika ta’lim dargohlariga qiziqa boshlagan.

Institut prezidenti Alan Gudman bunda hammaning hissasi bor deydi.

“2001 yil 11 sentyabrdan so’ng talabalar oqimi birmuncha kamaydi. Ammo bu AQSh uchun kattagina yo’qotish bo’lgani aniq. Ularni qaytarish uchun hukumat ham, jamoatchilik ham, universitetlar ham astoydil harakat qildi”.

Xorijlik talabalarni AQShga chorlashdan maqsad faqat hamyonni to’ldirish emas. AQSh uchun bu diplomatik strategiya toki aqlli yoshlar Amerikani zabt etsin, vataniga shu davlatga nisbatan muhabbat bilan qaytsin.

XS
SM
MD
LG