SPID Osiyo mamlakatlari bo'ylab keng tarqalmoqda


VICh - immunitet taqchilligi virusi va uning natijasida vujudga keluvchi SPID kasalligini o’rgangan olimlar xulosasiga ko’ra, tezkor chora ko’rilmasa, Osiyoda virus 2020 yilga borib 10 million kishiga yuqadi.

VICh, mutaxassislarning ogohlantirishicha, asosan giyohvandlar orasida, shuningdek muhofazasiz jinsiy aloqa va tekshirilmagan donor qoni orqali tarqaladi.

1990-yillardan buyon bu kasallik Osiyoning har bir davlatida aniqlangan. Qariyb 9 million kishida infeksiya topilgan. 4 million odam SPID- orttirilgan immunitet tanqisligi sindromidan nobud bo’lgan.

Muammoga jiddiy qaramasa bo’lmaydi deydi doktor Chakravarti Rangarajan.

“So’nggi hisob-kitoblarga qaraganda, 2007 yilda SPID/VICh infeksiyasi bilan kasallangan odamlar soni 4.9 millionni tashkil etgan. 300 ming kishi o’lgan. Muammo ko’lamini ko’rib turibsiz. Tekshiruv o’tkazilmasa, infeksiya yana 5 million odamga yuqadi”.

Doktor Rangarajan boshchiligida 9 nafar olim, iqtisodchi va siyosatchilardan iborat guruh 18 oy davomida izlandi. Kasallikni asosan fohishalar va ularning mijozlari, shuningdek giyohvandlar va besoqolbozlar tarqatmoqda deydi ular.

Mintaqada fohishabozlik qilayotgan ayollar soni 10 milliondan oshiq. Ularning mijozlari esa 75 milliondan ko’p. Mana shu odamlarning ko’pi orttirilgan immunitet virusi bilan yashamoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu dard insoniyat va iqtisodiy taraqqiyot yo’liga g’ov bo’lmoqda deydi.

“Osiyo davlatlari xavfni yengishga qodir. 5 yil avval g’ayritabiiy zotiljam tarqalganda, tez va samarali chora ko’rilganiga guvoh bo’lganmiz. VIChni ham yengish mumkin. Hamma birgalikda harakat qilishi kerak”.

Osiyodagi davlatlarning ayrimlarigina muammoni ustuvor masala deb biladi. Uning yechimi rahbarlar va fuqarolar qo’lida. Kasallikka chalinish ehtimoli yuqori guruhlar bilan ishlash, bemorlarga davo choralari taklif qilish, mintaqada BMT agentliklari faoliyatini kengaytirish zarur demoqda olimlar.

O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi ma`lumotlariga ko`ra mamlakatda VIChga chalinganlar soni, 2006 yil hisobida - 8 ming kishi. Ammo xalqaro tashkilotlar bu raqamlarga ishonmaydi. Ular nazarida O’zbekistonda xavfli virusni yuqtirganlar soni kun sayin ortib bormoqda.

XS
SM
MD
LG