Ellis oroli - Amerikaning tarixiy darvozasi


Amerika muhojirlar mamlakati.

Bundan bir asr ilgari AQSh hukumati Nyu-York bandargohidagi Ellis orolida immigratsiya markazi barpo etgan edi.

1892 – 1954 yillar orasida taxminan 12 million muhojir aynan Ellis oroli orqali Amerikaga kirgan. Nyu-York shahri ostonasida joylashdan bu kichik maskan - o’ziga xos darvoza. Bugun orol tarixiy obida.

Amerikada federal hukumat nazorat qiluvchi ilk immigratsion tizim Ellis orolida bo’lgan. Har kuni Yevropadan minglab muhojir kirib kelgan.

"Orol ochilishidan oldin immigratsiya deyarli nazorat qilinmagan",- deydi Barri Moreno, immigratsiya muzeyi xodimi.

"AQShga shunchaki kirib kelaverishgan. Hatto pasportni ko’rsatish talab qilinmagan".

Paroxodga chipta olish va yangi vatanda hayot boshlash uchun ozgina pul topsangiz bo’ldi edi. Ammo 1921 yilga kelib, muhojirlar oqimi kengaygach AQSh hukumati tekshiruv tizimini yo’lga qo’ygan.

Inspektorlar har bir muhojirdan uning ism-sharifi, yoshi va qayerda yashashini so’ragan. “AQShda avval bo’lganmisiz? Qancha pulingiz bor? Kim bo’lib ishlaysiz”? deb so’rashgan. Maqsad nomaqbul shaxslarni ajratib, ularni mamlakatga kiritmaslik edi. Masalan anarxist, bolshevik, kommunist va ko’p xotinlilarni.

Savodsiz, nosog’lom yoki puli yetarli bo’lmagan muhojirlar Ellis orolidagi vaqtincha markazlarda saqlangan. Ular tekshiruvlardan so’ng AQShga kiritilgan yoki deportatsiya qilingan.

Qo’shma Shtatlarda jinoyat sodir etgan muhojirlarni ham xuddi shunday qismat kutgan. Ellis orolining 62 yilik faoliyati davomida muhojirlarning 1 foizigina vatanga qaytarilgan.

Hozirda Amerikaga kelayotganlar orasida kimlarni uchratmaysiz. Ammo 40 foiz amerikaliklarning ota-bobosi qachonlardir Ellis oroli orqali mamlakatga kirgan.

Oroldagi “Oilaviy Tarix” markazida Nyu-Yorkka kirib kelgan immigrantlar, ularning qayerdan va kim bilan kelgani haqidagi ma’lumotlarni topsa bo’ladi.

"Buvim va bobom oddiy odamlar bo’lgan",- deydi bir amerikalik. "Cho’ntakda 10 dollar pul bilan arzon chiptalarni olib kelishgan. O’ylab qarasam, ularga juda qiyin bo’lgan. Bor-budini, uyi va oilalarini tashlab AQShga kelishga qaror qilgan. Lekin ular tufayli bizning hayotimiz farovon, juda xursandman".

Markazda 25 million muhojir haqida ma’lumot bor ekan, hozirgi avlodi ular haqida bemalol izlanishi mumkin.

Amerikada, norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 10 mingga yaqin kishining asl kelib chiqishi o’zbek. Afg’onistonlik va turkiyalik o’zbeklar qatorida o’zbekistonliklar ham kam emas.

XS
SM
MD
LG