Breaking News

Bush NATOni sharq tomon kengayishga chaqirmoqda


Bugun Ruminiya poytaxti Buxarestda Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki sammiti boshlanmoqda. Ruminiyaga kelgan AQSh prezidenti Jorj Bush NATOni sharqiy yo’nalishda kengayishga va Afg’onistondagi harbiy operatsiyalarda faolroq ishtirok etishga chaqiryapti.

Bushning aytishicha, Ruminiya kommunistik diktaturadan erkin davlatga aylanib, NATO a’zosi bo’ldi. Ukraina va Gruziya kabi yosh demokratik davlatlar ham shunga loyiq.

"NATOga a’zolik unga intilayotgan va tashkilotdagi mas’uliyatni o’z bo’yniga olishga tayyor Yevropaning barcha demokratik davlatlari uchun ochiq bo’lishi kerak," dedi Bush.

Germaniya va Fransiya ayni damda Ukraina va Gruziyaning NATOga qabul qilinishiga qarshilik ko’rsatmoqda. NATO doirasida vakolati bo’lmasada, Rossiya ham bunga qarshi. Bush o’z nutqida Rossiyani raketaga qarshi mudofaa tizimi rejasidan xavotirlanmaslikka chaqirib, ushbu mavzuni yakshanba kuni Sochida, prezident Vladimir Putin bilan muloqot chog’ida davom ettirishini bildirdi.

"Tizim Sovuq Urushni yangilashga qaratilmagan," dedi Bush.

Sammitda markaziy mavzu alyansning Afg’onistondagi faoliyati ekan, Bush a’zo-davlatlarni Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natishga da’vat etmoqda.

"Sovuq Urush davrida biron marta o’t ochmagan NATO 21-asrdagi ilk va muhim urushini olib bormoqda. Agar Afg’onistonda terrorchilarni mag’lub qilmasak, ular bilan o’z yurtimizda to’qnashishga majbur bo’lamiz. Yevropa va Shimoliy Amerikaning tinch aholisi oldida javobgar bo’lamiz," deydi Bush.

XS
SM
MD
LG