Breaking News

Olimpiya qo'mitasi Xitoydan Internetni ochishni talab qilmoqda


Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi Xitoy hukumatidan yozgi o’yinlar davomida Internetni ochib qo’yishni talab qilmoqda. Siyosatiga nisbatan tanqidlarni ko’tara olmaydigan rasmiy Pekin Internetda ko’plab veb-sahifalarga to’siq qo’ygan.

Qo’mita vakillari shu hafta Pekinda bo’lib ushbu mavzuni ko’targan. Internetning to’liq ishlamasligi avvalambor Olimpiya o’yinlarini yoritish uchun kelayotgan 30 mingga yaqin jurnalist uchun muammo tug’diradi.

Amerika Ovozining Internetdagi sahifasiga ham Xitoyda kirish qiyin.

Gong-Kongdagi jurnalistlar uyushmasi raisi Fan Xo-Sayning aytishicha, Xitoy Xalqaro Olimpiya Qo’mitasiga Internetdagi to’siqni olib tashlashga va’da berganiga qaramay, o’ziga yoqmagan axborotni cheklashi mumkin.

"Xitoydan turib Internetda ayrim so’zlar orqali mavzularni qidirmoqchi bo’lsangiz, masalan Tiananmen maydonidagi voqealar haqida, mavzuga taalluqli sahifalar ochilmaydi."

1989 yili Tiananmen maydonida bir necha hafta davom etgan yirik namoyish hukumat tomonidan kuch va zo’ravonlik bilan bostirilgan edi.

Yaqinda esa Tibetda ham namoyishchilar kuch bilan tarqatib yuborilgan. Natijada ko’plab odamlar xavfsizlik kuchlari qo’lidan halok bo’lgan. Hukumat qurbonlar soni 19 ta desa, tibetliklar nazarida haqiqiy raqam bundan bir necha baravar ko’p.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Internetda ba’zi saytlarga to’siq qo’yilganini tan olmoqda, biroq Olimpiya o’yinlari kunlari to’siqlarning jurnalistlar uchun olib tashlanishi haqida hech narsa demayapti.

Ba’zi tashkilotlar va sportchilar o’yinlarni boykot qilishga chaqirmoqda. Futbol bo’yicha Hindiston terma jamoasi sardori Bxaychung Bxutiya Olimpiya mash’alasini Dehli orqali olib o’tishdan bosh tortgan.

Ma’lumki, AQSh prezidenti Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga borishni rejalagan. Kecha 15 nafar AQSh qonunchisi Bushga xat yo’llab, uni bu niyatidan qaytishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG