Uyg'urlar mustaqillikka, Kipr turklari esa ittifoqqa intilmoqda


Jahonda shunday davlatlar borki, u yerdagi etnik ozchilik o’z huquqlari uchun kurashib keladi. Kiprda ozchilikni tashkil etayotgan turklar mahalliy grek aholisi bilan ko’p yillik nizodan so’ng orolni birlashtirish tarafdori bo’lsa, Xitoy g’arbida yashaydigan uyg’urlar aksincha Xitoydan ajralib, o’z davlatiga ega bo’lishni istaydi.

“Vashington Post” gazetasi bir necha yildan beri AQShda istiqomat qilayotgan Jahon uyg’urlar tashkilotining raisi Robiya Qodirning Xitoyda uyg’urlarga nisbatan siyosatga doir maqolasini chop etdi.

Unda uyg’urlar yetakchisi Xitoy hukumatini inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotganlikda ayblaydi. Tibetdagi qonli voqealarni misol tariqasida keltirar ekan, Robiya Qodir Kommunistik Partiya siyosati oqibatida Sharqiy Turkistonda uyg’ur madaniyati va tiliga xuruj qilinayotganini ta’kidlaydi.

“Uyg’ur ayollari maxsus davlat dasturi doirasida Sharqiy Turkistondan mamlakat ichkarisiga yuborilmoqda. Mahalliy maktablarda uyg’ur tilida ta’lim berish asta-sekin kamaytirilmoqda. Terrorizmga qarshi kurash bahonasida dindor uyg’urlar ta’qib ostiga olinmoqda. Mamlakatning boshqa hududlaridan yuz minglab xitoyliklar imtiyozlar evaziga Sharqiy Turkistonga ko’chirilmoqda, mahalliy uyg’urlar esa ishsizlik va qashshoqlikdan qiynalmoqda”, deb yozadi Robiya Qodir “Vashington Post”dagi maqolasida.

Robiya Qodir inson huquqlari faoli bo’lgani uchun Xitoyda olti yil qamoqda o’tirgan. Ayni damda uning ikki o’g’li onasining faoliyati tufayli panjara ortida.

“Uyg’urlar tibetliklarning haqiqiy muxtoriyatni qo’lga kiritish yo’lidagi harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi,” deydi uyg’urlar yetakchisi.

Bir necha davlatlar qatorida Qo’shma Shtatlar ham Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilishga taraddud ko’rayotgan Xitoyni inson huquqlarini e’zozlashga chaqirmoqda.

Olimpiya mash’alasi Tibet va Sharqiy Turkiston orqali olib o’tilishi rejalangan ekan, Xitoy hukumati buni “hamjihatlik sayohati” deb atamoqda. Biroq Robiya Qodir fikricha, Kommunistik Partiya Tibet va Sharqiy Turkistonda madaniy assimiliyatsiya va siyosiy qatag’onlar siyosatini davom ettirar ekan, haqiqiy hamjihatlikka hali-beri erishib bo’lmaydi.

Uyg’urlar Xitoydan mustaqillikka intilayotgan bir paytda, Kipr shimolida yashovchi turklar janubdagi greklar bilan mavjud muammolarni hal qilib orol yaxlitligi uchun harakat qilmoqda.

“Vashington Tayms” gazetasiga ko’ra, BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan tomonidan taklif etilgan birlashish rejasi 2004 yili mahalliy turklar tomonidan yoqlanib, greklar tomonidan rad etilgan edi.

Ma’lumki, Kipr Yevropa Ittifoqi a’zosi va orolning greklar yashaydigan janubiy qismi iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan. Turklar yashaydigan Shimoliy Kipr esa 25 yildan buyon BMT embargosi ostida janubchalik rivojlana olmagan.

“Vashington Tayms”dagi maqola muallifi fikricha, BMT embargoni bekor qilib, Shimoliy Kiprning janub bilan birlashishiga imkon yaratishi lozim. Kipr turklari so’nggi bir necha yil ichida bu borada qator ijobiy ishlarni amalga oshirgan.

XS
SM
MD
LG