Ukrainada o'zbekistonlik muhojirlar tazyiqdan shikoyat qilmoqda


Rossiyada muhojirlarga qarshi salbiy munosabat qo’shni Ukrainaga ham ko’chgan. Qora tanlilarga hujumlar, qotillik hollari, osiyoliklarning do’pposlanishi…

So’nggi oylar mobaynida militsiya migrant ishchilar va muhojirlarga tazyiqni kuchaytirgan.

Mamlakatdan siyosiy boshpana so’raganlarning bir qanchasi sud buyrug’i bilan vataniga badarg’a qilingan. Hukumat muhojirlar xavfsizligi nozik masala ekanini tan oladi, biroq tizimdagi kamchiliklar pand bermoqda.

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti va BMT Qochqinlar Idorasi rasmiy Kiyevdan migrantlar huquqini himoya qilishni talab qilmoqda.

Ukrainada O’zbekistondan jami qancha muhojir borligi noma’lum, biroq Kiyevda yashovchi siyosiy faol Baxtiyor Hasanning aytishicha, 100 ga yaqin o’zbekistonlik siyosiy boshpana so’rab ariza bergan. Oxirgi bir oy ichida o’nlab o’zbeklar militsiya zo’ravonligiga uchradi deydi u.

"Mana shu ikki hafta ichida 15-20 nafar o'zbekistonlikni militsiyaga olib kirishgan. Hammasining qo'lida qochqinlik qog'ozi bor",- deydi Baxtiyor Hasan.

Faollar nazarida Ukraina Millat va E’tiqod Qo’mitasi qoshidagi Pasport Idorasi mamlakatda har bir muhojir qayta qo’yxatdan o’tsin va bu yerda qonuniy yashayotganini isbotlasin degan norasmiy siyosat yuritmoqda.

Shunga asosan mahalliy aholiga o’xshamagan kishilar to’xtatiladi, hujjat so’raladi va militsiya qoniqmasa, ularni idoraga olib ketadi. BMT Qochqinlar Idorasi bergan qog’oz tan olinmayapti deydi Baxtiyor Hasan.

"Shunday ochiqdan-ochiq aytishyapti: "bu qog'ozlaringiz biz uchun hech narsa emas". Sizlarning birorta huquqiningizni himoya qilmaydi deyishyapti".

O’zbekistonlik qochqinlarning ko’pi, deydi Baxtiyor Xasan, 2005 yilda Andijon voqealari ketidan Ukrainaga borgan fuqarolar. Ular orasida yoshlar ko’p. O’tgan yili bu qochqinlardan to’rt nafari O’zbekistonga deportatsiya ham qilingan. Shu bois har safar militsiya qo’liga tushganda, bu insonlarni vahima bosadi.

"Qayta ro'yxatga olish, registratsiya boshlanganidan keyin turli davlatlardan kelgan odamlarni guruhma-guruh sudga olib kirishdi. Bir kunda sud qilib, o'sha kuni Kiyevdan ekstraditsiya qilib yuborishyapti",- deydi Baxtiyor Hasan.

“Amerika Ovozi” Ukrainada istiqomat qilayotgan boshqa o’zbekistonliklar bilan ham muloqotda bo’ldi. Aksariyati muxolifat a’zolari va O’zbekistonni siyosiy bosim ostida tark etganlar. “Bizning yagona madadkorimiz BMT Qochqinlar Idorasi”,- deydi ular.

Lekin bu tashkilotdan norozi qochqinlar ham ko’p. Idorani qog’ozbozlikda, vaqtida ko’maklashmaganlikda, odamlar dardini tinglamaganlikda ayblashadi.

Biroq BMT Qochqinlar Idorasi barcha shikoyatlar ko’rib chiqilayotgani, qochqinlar mahalliy sharoitga moslashishga majbur ekani, Ukrainada korrupsiya chuqur ildiz otgani, ayniqsa huquq-tartibot organlari pora evaziga ish yuritishi kabi muammolarni qayd etadi.

“Qochqinlarni ro’yxatga olish Ukraina hukumatining vazifasi”,- deydi BMT Qochqinlar Idorasi matbuot kotibasi Natalya Prokopchuk. “Biz muhojirlarga hech qanday hujjat bermaymiz, balki ular boshpana so’rab murojaat qilganida yo’l ko’rsatamiz. Ularga bu haqda xat beramiz xolos. Shu bois militsiya bu xatga hujjat sifatida qaramaydi. Ukraina qochqinlarni muhofaza qilish majburiyatini olgan, demak, ularga zarur hujjatlar berish ham bu hukumatning ishi”,- deydi Natalya Prokopchuk.

Baxtiyor Hasan Ukrainada bugun ajnabiylarga qarshi hukm surayotgan kayfiyatni Rossiyaga o’xshatadi.

"Dokumentni tekshirgandan keyin militsiyaxonga olib borib, protokol tuzishadi. Advokatingga telefon qil, hal qilsin yoki 400-500 grim pul berasan deyapti. Ochiqdan-ochiq pora".

Huquq faollari fikricha Ukraina unga hamkor davlatlardan kelgan qochqinlarga bosim o’tkazib, o’sha hukumatlarni rozi qilmoqchi. Mamlakat O’zbekistondan tabiiy gaz oladi.

Lekin ayrim sharhlovchilar yaqinda Shri Lankadan kelgan qochqinlar deportatsiya qilingani, shuningdek Kongo Demokratik Respublikasi va Sierra Leone kabi davlatlardan kelgan immigrantlar mahalliy jinoyatchi guruhlar tomonidan o’ldirib ketilganiga ishora qilib, Ukrainada millatchilik, irqiy kamsitish singari illatlar quloch yozayotganini aytadi.

XS
SM
MD
LG