Gruziya va Ukraina hozircha NATOga qabul qilinmaydi


NATO - Shimoliy Atlantika Blokining Buxarestdagi sammitida Albaniya va Xorvatiya tashkilotga qo’shilishga taklif qilingan. Afg’onistonning xavfli nuqtalariga qo’shimcha askar safarbar etishga kelishib olingan.

NATO, shuningdek, AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa vositalarini o’rnatish rejasini qo’llab-quvvatlamoqda.

Fransiya Afg’oniston sharqiga 800 askar, AQSh va Kanada esa janubga qo’shin jo’natadi. Sammit davom etar ekan, boshqa davlatlar ham yordam taklifi bilan chiqishi kutilmoqda.

NATO so’zlovchisi Jeyms Appaturay so’zlariga ko’ra, bir kun kelib Gruziya va Ukrainaning tashkilotga qo’shilishiga yo’l ochiladi, biroq hozircha ular bunga tayyor emas. AQSh bu ikki mamlakat nomzodini qo’llab-quvvatlagan bo’lsa-da, Fransiya va Germaniya qarshilik bildirgan. Ma’lumki, Rossiya NATOning sharq tomon kengayishiga unga nisbatan xavf deya qaraydi.

Makedoniyaning esa NATOga a’zoligi Gretsiya qarshiligi tufayli kechiktiriladi. Gap shundaki, Gretsiyaning Makedoniya nomli o’z provinsiyasi bor va Bolqon davlatidan nomini o’zgartirishni talab qilmoqda. Makedoniya delegatsiyasi norozilik belgisi sifatida sammitni erta tark etgan.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Rossiya noroziligiga qaramay NATO Yevropada mudofaa tizimi o’rnatish rejasini quvvatlaydi. Qo’shma Shtatlar Chexiyada radar tizimi, Polshada esa 10 ta raketa o’rnatmoqchi.

Ertaga sammitda ishtirok etishi kutilayotgan prezident Vladimir Putinning aytishicha, tizim Yevropada kuchlar muvozanatini o’zgartirib, oxir-oqibat qurol poygasiga yetaklaydi.

Bush ma’muriyati esa tizimni Eron va Shimoliy Koreyadan himoya vositasi deb biladi. Ammo Rossiyani ishontira olmayapti.

XS
SM
MD
LG