Markaziy Osiyo Afg'onistonga qanday yordam berishi mumkin?


NATOning Ruminiyadagi sammitida Afg`onistondagi vaziyat keng muhokamada.

Sammitda mintaqa davlatlari, jumladan, Afg’onistondagi vaziyatdan tashvishlangan O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Anjumanda Afg`onistondagi ahvolni barqarorlashtirish rejasi taqdim etilgan.

NATOning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili Robert Simmons sammit arafasida matbuot bilan mulqot qilib, Yevropani Markaziy Osiyo orqali Afg`oniston bilan bog’lovchi yangi temir yo`l loyihasi haqida to’xtalgan.

Mazkur temir yo`l Ukrainada boshlanib, Belarus, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari orqali Afg`onistongacha cho’ziladi.

Loyiha tashabbusichisi AQSh ekani, mablag’ ham aynan Qo’shma Shtatlar tomonidan ajratilayotgani aytilmoqda.

NATO vakilining so’zlariga qaraganda, xalqaro qo`shinlarning Afg`onistondagi missiyasi yana bir necha 10 yil davom etishi ehtimoldan holi emas. Temir yo`l orqali muhim yuklarni Afg`onistonga yetkazish mumkin bo`ladi.

Ayrim sharhlovchilar nazarida bu loyiha - AQSh tomonidan ilgari surilayotgan “Katta Markaziy Osiyo dasturi”dagi birinchi qadam.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov so’zlariga qaraganda mazkur loyiha savol tug’diradi.

“Shu paytgacha gaz quvurlari bo`ladimi, yo`llar qurilishi bo`ladimi - barchasida boshqa davlatlarni chetlab o`tish nazarda tutilar edi. Bu safar esa AQSh geosiyosiy raqiblarini ham loyihaga qo`shmoqchi. Agar munosabatlar sovuqlashsa, geosiyosiy vaziyat o`zgarsa, unda qanday ish tutiladi?” - deydi Tolipov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning aytishicha, mazkur loyihaning NATO sammiti arafasida ma`lum qilinishi Rossiya manfaatlarini ham inobatga olgan.

“Afg`onistonga yuklarni havo yo`li orqali yetkazish katta xarajatlarga tushmoqda. Shu bois temir yo`l yo`nalishi rejalanayapti. Keyingi paytda NATO mintaqada, jumladan, Rossiya va boshqa davlatlarda bu masala yuzasidan muzokara o`tkazdi. Loyiha ijrosi Ukraina va Gruziyani NATOga qabul qilish yoki qilmaslik masalasiga bog`liq. Agar Rossiya e’tirozi inobatga olinib, ularga rad javobi berilsa, loyiha ijrosi tezlashishi mumkin”, - deydi Soyibnazarov.

Farhod Tolipov fikriga ko`ra, temir yo`l loyihasi ma`qullandimi, demak Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga a’zo davlatlar va NATO o`rtasida Afg`oniston bo`yicha hamkorlik boshlanadi.

Shu kunlarda Afg`onistonni Tojikiston orqali Eron bilan bog`lovchi temir yo`l loyihasi ham muhokamada.

Afg`oniston, Tojikiston va Eron rasmiylarining Dushanbedagi uchrashuvida temir y`ol qurilishi Eronning moliyaviy ko`magida amalga oshirilishi ta`kidlangan edi. Eron temir yo`l tizimi esa Turkiya orqali Yevropaga chiqadi.

Abduvali Soyibnazarov AQSh va Eron o`rtasidagi ziddiyatlar bois bu loyiha amalga oshishi qiyin deydi.

Taxminlarga ko’ra, NATO sammitidan keyin O`zbekiston Afg`oniston bo`yicha NATO bilan hamkorlikni kengaytirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG