AQSh ayol prezidentga tayyormi?


AQShda prezidentlik uchun saylov kampaniyasi avjida ekan, Demokratik Partiyaning ayrim yetakchi a’zolari Xillari Klintonni poygani tark etib, raqibi Barak Obamani quvvatlashga undamoqda.

Telesharhlovchi Matyu Dod izohicha: "Xillari Klintonning yutishiga imkoni yo’q endi”.

Shtatma-shtat o’tayotgan partiyaviy tanlovlarda Klinton tarafdorlar soni jihatdan Barak Obamadan orqada.

Lekin partiyadoshlari orasida aynan uning nomzodini olg’a surishga tayyor qudratli siyosatchilar bor. Klintonni quvvatlayotgan saylovchilar orasida, shuningdek, xotin-qizlar ham ko’pchilik.

Ba’zi siyosiy tahlilchilar nazarida Xillari Klinton nomzodlar poygasida Barak Obamadan ortda qolib ketdi va boy berganini tan olishi kerak. Demokratik Partiya ta’biricha esa nomzodni tanlov hal qiladi va shoshishga hojat yo’q.

Klintonning tarafdorlari siyosiy taxminlarga berilmay, “xalqqa nomzodlarni saralashga yo’l bering” demoqda. Kim Gandi, Amerika Xotin-Qizlar Tashkioti prezidenti poyga hali tugamadi deydi.

“Siyosiy gapdonlar odamlarning janozasini o’qishga usta. Xillari Klintonning kuni bitdi deb ko’p marta xato qilishgan. Klinton xonimning temir ayol ekanini, g’olib oxirida baribir u bo’lishini tan olishmaydi”,- deydi Gandi xonim.

Kim Gandi “Xillari Klinton prezidentlikka nomzodlikni aynan ayol saylovchilar sabab olsa ajabmas”,- deydi. Saralash musobaqalarida aksariyat xotin-qizlar uni ma’qul ko’rmoqda. Axborot vositalari qilgan bashoratlar puchga chiqib bo’lgan deydi faol.

Fevral oyida ayrim shtatlardagi mag’lubiyatlar ketidan Xillari Klinton mart oyida ikki katta shtat – Ogayo va Texasda Barak Obamadan ustun keldi. Yana asosan xotin-qizlar ovozi evaziga.

Biroq bu ovozlar bilan Klinton Obamadan o’zib keta olgani yo’q.

Faol xotin-qizlar nazarida esa Xillari Klintonga bosim poygada ikkinchi ketayotgani uchun emas, ayol ekani uchun o’tkazilmoqda.

"Erkak kishi gapga usta bo’lsa, orzu va maqsad ketidan quvsa, uni kuchli, aqlli va komil inson deyishadi. Ayol kishi shunday sifatlarga ega bo’lsa, u odamlar nazarida yo ayyor yo janjalkash",- deydi Gandi xonim.

Kerol Jenkins Nyu-Yorkda Ayollar Media Markazi rahbari. "Xotin-qizlar",- deydi u, "Amerika axborot vositalarining uch foizini boshqaradi xolos. Qarabsizki, Xillari Klintonni sharhlayotgan odamlarning ko’pchiligi erkaklar. Chunki matbuot bu mamlakatda erkakcha fikrlaydi".

"Muxbirlar va siyosatdonlar Xillarini sharhlashda chegaradan chiqib ketadi. Ular hali ham uning kiyimi, ovozi va ko’rinishini muhokama qilyapti. Sharhlovchilarga uning ovozi yoqmaydi. Bu jinsiy kamsitish… Xillari teng huquqli siyosatchi sifatida tahlil qilinmayapti”,- deydi Jenkins xonim.

Lekin Xillari Klintonning tanqidchilari gap uning ayolligida emas deydi. Janis Shou Kruz Amerikaning Sertashvish Ayollari degan tashkilot a’zolaridan biri. Uyushma konservatizm tarafdori. Klintondek liberallarni yoqtirmaydi.

“Klinton xonim, afsuski, nafosatli shaxs emas. Badjahl ayol, nazarimda. Shu bois, ko’p odamlar unga mehr bilan qaramaydi",- deydi Kruz xonim.

Demokratik Partiyaning ayol a’zolari orasida ham Barak Obamani Xillari Klintondan ustun qo’yayotganlar ko’p.

Qora tanli xotin-qizlar nima qilishini bilmaydi – ayolga ovoz bersinmi yoki qora tanliga? Tarixda ilk bor shu haqda o’ylanib qolgan.

“Feministman, kasbiy faoliyatimni xotin-qizlar ravnaqi, ular huquqiga bag’ishlaganman. Har ikki nomzod noyob insonlar. Qiyin masala”,- deydi Jenkins xonim.

Ayollar Media Markazi ham hali biror nomzodni yoqlab chiqqani yo’q. Lekin, Kerol Jenkins fikricha, Amerika ayollarining aksariyati Xillari Klinton poygada oxirigacha kurashsin deydi.

“Men singari katta yoshdagi ayollar balki hayotlarida prezidentlikka boshqa ayol nomzodni ko’rmas. Bu biz uchun armon bo’lib qolmasin. Ayol davlatni boshqarsa, bu mamlakat uchun faxr bo’ladi. Qora tanlilar baribir bir kun prezident bo’ladi. Lekin ayollar oldida hali katta to’siqlar bor”,- deydi Jenkins xonim.

Xillari Klinton “shuncha to’siqlardan o’tdim, qolganlarini ham yiqitishga tayyorman” demoqda.

XS
SM
MD
LG