Breaking News

O'zbekiston islomni qoralovchi "Fitna" filmini tanqid qilmoqda


O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi gollandiyalik siyosatchi Gert Vilders suratga olgan “Fitna” nomli hujjatli filmni tanqid qilmoqda. Musulmon ahlining diniy tuyg’ularini kamsituvchi bu film dinlar-aro adovat qo’zg’atadi, deyiladi vazirlik bayonotida.

“Fitna” filmi musulmonlar e’tiqodini kamsitish, islomni zo’rovonlikka bog’lashga uringani bois musulmonlarning keskin noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Din ahli filmni taqiqilashni talab etayotgan bir paytda, ayrim siyosiy guruhlar, jumladan muallifning o’zi filmni keng ommaga namoyish etish taraddudida. O’zbekiston hukumati nazarida “Fitna” filmi diniy ziddiyatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

“O’zbekistonda diniy nizo va adovatni qo’zg’atishga qaratilgan hatti-harakatlarga yo’l qo’ymaslik uchun Yevropa davlatlarida yetarli darajada siyosiy iroda va aql-idrokning namoyon etilishiga ishonch bildiriladi”, - deyiladi “Jahon” axborot agentligi xabarida.

“Islom dinini qoralash musulmonlarni boshqa dinlarni - masalan shu filmni yaratgan kishi xristian dinida bo’lsa - biz xristian dinini qoralaymiz deb qoladigan ayrim guruhlar paydo bo’lishi mumkin. Bu o’zaro inoq yashab kelayotgan turli din vakillari o’rtasidagi salbiy oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Shuning uchun O’zbekiston musulmonlari nomidan bunday ishlarga e’tiroz bildiramiz. Bu yaxshi ish emas, Ollohni naznida ham, bandasini naznida ham”, - deydi islomshunos olim Abdulaziz Mansur.

O’zbekiston Islom Unversiteti o’qituvchisi, islomshunos olim Abdulhakim Juzjoniy fikricha bunday harakat diniy ekstremistik kayfiyat tarqalishiga zamin yaratadi.

“Eng og’ir oqibatlaridan biri diniy ekstremistlar, terrorchilar ana shunday g’oyalar, filmlar, nashrlarni islomga qarshi, musulmonlarga qarshi hurmatsizlik ekanini aytib, uni bunga qarshi surib foydalanishi mumkin. Bizga ma’lumki islom dini ajoyib din. Payg’ambarimiz birinchi kundan boshlab boshqa millatlarni hurmat qila boshladi. Yahud dinini, “Tavrotni”, xristianlarni “Injil” kitobini va boshqalarini, hammasini hurmat qilib keladi”, - deydi Juzjoniy.

Muxolifatadagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha hukumat bayonoti quruq rasmiyatchilik uchun chiqarilganga o’xshaydi.

“Dunyoda hozir keng tarqalgan holatlardan biri, o’zi masalani mohiyatiga tushunmasdan munosabat bildirayotgan guruhlarning ko’pligidir. Birinchidan film yaratuvchilari, bunga yo’l bergan siyosatchilar ham islomning mazmun-mohiyatini yaxshi tushunmagan odamlar. Shu filmga munosabat bildirgan rasmiy bayonot ham shunday. Bu bayonotda ham islomning, “Quron”ning haqiqatda zo’rovonlikda qurilmaganini tushunib yetmaganliklari ko’rinib turibdi. Shunchaki rasmiyatchilik uchun chiqarilgan. Aslida islomga, u filmdan ham ko’proq o’zlari zarar yetkazayotganini o’ylashmaydi”, - deydi Otanazar Oripov.

O’zbekiston xalqaro tashkilotlar hisobotlarida e’tiqod erkinligi cheklangan davlat sifatida qayd etiladi. Huquq himoyachilari minglab musulmonlar qamoqda o’tirganini, hukumat diniy ekstremizmni siyosiy maqsadlarda bo’rttirib ko’rsatayotganini ta’kidlashadi.

XS
SM
MD
LG