Breaking News

AQShda maktablar avval qanday bo'lganu, hozir qanday?


Bir vaqtlar Qo’shma Shtatlardagi umumta’lim maktablari sifati jihatidan eng sara xususiy ta’lim dargohlaridan also qolishmagan. Biroq iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat o’zgargach, maktablarda o’qitish sifati ham oqsay boshlagan.

Qo’shma Shtatlarning 1787 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasida ta’lim haqida lom-lim deyilmagan.

Shu bois umuta’lim maktablarini boshqarish to’laligicha shtat va okruglar zimmasiga yuklatilgan.

Bu esa, deydi Michigan Universiteti professori Jeffri Mirel, Amerikada azaldan bolalarni o’qitishning yagona tizimi bo’lmaganidan dalolat beradi.

Bugunga kelib, Amerikada 93 mingdan ziyod maktab bor. Biri ikkinchisiga o’xshamaydi.

“50 ta shtat. Har biri o’zi bilganicha ish yuritadi. Shtatlar ichida yana 15 mingdan ziyod ma’muriy tizimlar mavjud. Yevropa va Osiyoda, masalan, ta’lim tizimi oliy ta’lim vazirligi tomonidan boshqariladi”.

O’tmishda Amerikada maktablar faqat qish mavsumida ishlagan. Bolalar qish oylarida darsga qatnab, qolgan payt dalada ota-onasiga ko’maklashgan yoki boshqa yumush bilan band bo’lgan.

Maktab odatda bitta katta sinf xonasi bo’lib, hamma bir yerda dars qilgan. Kattalar kichiklarga yordam bergan. Bolalar oddiy o’quv qurollaridan – siyoh, ruchka, bo’r, doska, xarita va darsliklardan foydalangan.

1837 yilda Massachusets shtati ma’murlaridan biri, Goratsio Man 6 oylik darslarni yo’lga qo’yishni taklif qiladi. Nyu-York Universiteti tarixchi olimi Diana Ravichning so’zlariga qaraganda:

U shtat rasmiylariga “bolani qancha puxta o’qitsak, jamoaga shuncha foyda bo’ladi” degan mazmunda maktub yo’llagan. Xat-savod farovonlikka bevosita bog’liq. U o’z so’zlarini izlanish va tadqiqot natijalari bilan isbotlagan.

Bu taklif boshqa maktablar tomonidan ham olqishlangan. Qarabsizki, qisqa vaqt ichida umumta’lim maktablari shaklan va mohiyatan rivojlangan.

1890 va 1925 yillar oralig’ida Amerika 22 milliondan ziyod muhojirni qabul qilgan. Maktablar mamlakatni bir tanu bir jon qilib turgan manzilga aylantirdi deydi Michigan Universiteti professori Jeffri Mirel.

Immigrantlarnig farzandlari mana shu maktablarda savod chiqardi, Amerika deya atalmish yangi dunyoga moslasha boshladi.

Katta shaharlarda ishlagan muallimlar, tabiiyki, ko’proq maosh olar, yaxshiroq kitob-daftar va qurol-aslahaga ega edi.

Ammo so’nggi yarim asr ichida umumta’lim maktablarida o’qitish sifati keskin tushib ketgan. Shahar maktablarida ahvol og’ir.

Bu jarayon 1950 yilda boshlangan. O’sha yili AQSh Oliy Sudi maktablarda bolalarni irqi yoki jinsiga qarab ajratishni taqiqlagan. Bundan norozi oq tanlilar chekka shaharlarga ko’cha boshlagan. Oradan ko’p o’tmay o’rtahol qora tanlilar va latinolar ham yaxshi maktablarni izlab, katta shaharlarni tark eta boshladi.

Umumta’lim maktablari mol-mulkdan tushgan soliq hisobiga faoliyat yuritadi. Kambag’al shaharlarda, tabiiyki, maktablar ham xarob ahvolda. Yo’qsil oiladan chiqqan bolalar maktabga bir kelib, bir kelmaydi deydi Nyu-York Universiteti o’qituvchisi Diana Ravich.

Bu maktablarda ishini sidqidildan bajaradigan, shijoatli o’qituvchilar ishlaydi. Bolalarga taskin berishga, ularni yaxshilik va komillik sari yetaklashga harakat qiladi. O’quvchilarning ba’zilari uyida tiniqib uxlamaydi yoki to’yib ovqat yemaydi.

Ta’lim sifatidagi bunday nomutanosiblikka barham berish uchun rasmiylar chora izlashga kirishdi. Federal sudlar oq va qora tanli bolalarni bir sinfda, aralashtirib o’qitishni rag’batlantirishga ko’rsatma berdi. Ammo oq tanlilar bundan norozi bo’lib, xususiy maktablar tuzib, alohida o’qishni ma’qul topgan.

1965 yilda federal hukumat umumta’lim maktablariga pul ajrata boshlagan. Bu mablag’ maktab byudjetining 10 foizni tashkil etadi. Biroq talablar ham oshirilib, o’qish va matematikadan baholar muntazam tekshiriladi.

Maktablar standart andozadagi testlarni o’tkazish majburiyatini bo’yniga olgan. Tarixchi muallima Diana Ravish buni ma’qullamaydi.

"Bu - kasalni davolashning yagona yo’li – termometr deyish bilan barobar. Vaholanki boshqa chora va usullar ham muhim. Quruq haroratni o’lchagan bilan biror narsa qilish qiyin".

Ota-onalar musiqa, texnologiya, tarix va san’at kabi darslarga ko’proq e’tibor berishni so’ramoqda. Professor Jeff Mirelning so’zlariga qaraganda, Janubiy Karolinadagi bir maktab ma’muriyati darsliklarni muomaladan chiqarish niyatida. Chunki bolalar asosan kompyuter va internetdan foydalanmoqda.

Menimcha, bema’ni ish bu. To’g’ri, internet ajoyib axborot manbai. Nimani qidirayotganingni bilsang, asosiy tuchunchalardan xabardor bo’lsang, bemalol foydalana olasan. Ammo muayyan fanning negizini o’rganish uchun bu usul ma’qul emas.

Har ikki mutaxassis, Jeffri Mirel va Diana Ravish fikricha, Amerika maktablarida yagona o’quv dasturi, yaxlit tartib-qoidalar tizimi joriy etilishi lozim.

Bolalar testlarni yod olish o’rniga geografiya, san’at, tarix, musiqa va matematikadan chuqur bilim olgani afzal deydi ular.

XS
SM
MD
LG