Tushkunlikka tushgan davlatlarga nisbatan siyosat muhokamada


Prezident Bush fikricha, davlat boshqaruvi zaif mamlakatlar jahon tinchligi va xavfsizligiga tahdiddir. Biroq ayrim tahlilchilar e’tiroziga ko’ra, bunday mamlakatlardagi ahvolni yaxshilash harakati foydadan ko’ra, ko’proq zarar keltirishi mumkin.

Vashingtondagi Brukingz tadqiqot instituti (Brookings Institute) ana shu mavzuda mutaxassislar fikrini o’rgandi. Ularning aksariyati Afg’onistonni qulash arafasida turgan davlatlar qatoriga qo’shadi.

Demokrat kongressmen Adam Smit xalqaro hamjamiyat bunday davlatlardagi ahvolga aralashishi kerak degan fikrda.

"Afg’onistonda hukumat boshqaruvi zaif bo’lgani sabab al-Qoida u yerda o’rnashib olib AQShga qarshi 11 sentyabr xurujini amalga oshirgan. Afg’oniston bunday vaziyatda bo’lmaganida edi, Osama bin Laden kabilar u yerda o’ziga boshpana topmagan bo’lardi," deydi kongressmen Smit.

2001 yildan boshlab Bush ma’muriyati va qator siyosatchilar jar yoqasida turgan davlatlar qulashining oldini olish uchun bu mamlakatlarga kirib vaziyatni o’nglash kerak deb keladi. Biroq hamma ham bunday siyosatga qo’shilmaydi.

Kristofer Prebl Vashingtondagi Kato Institutida (Cato Institute) tashqi siyosatga doir masalalarni o’rganadi. Uning aytishicha, 11 sentyabr voqealaridan so’ng Qo’shma Shtatlar diqqatni terrorchilarga qarshi kurashga qaratib, Afg’oniston qayta qurilishi bilan shug’ullanmasligi kerak edi.

"AQSh boshqa davlatlarni barpo etishda ko’p hollarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Muvaffaqiyat esa uzoq vaqt olgan va qimmatga tushgan. Boshqaruvi zaif davlatlar qulashining oldini olish AQSh tashqi siyosatidagi xatolardan biri," deydi Kristofer Prebl.
Hokimiyat davlatlarda turli sabablarga ko’ra zaiflashadi, asosan, urush, tabiiy ofat, qashshoqlik, korrupsiya tufayli. Uni tiklash uzoq vaqt va sabr talab qiladi.

BMTning 140 mingdan ziyod tinchlikparvar qo’shinlari 20 davlatda joylashgan. Bosniyada ular 10 yildan oshiq vaqtdan beri xizmat qiladi.

Saylovlarni o’tkazish bilangina davlatchilik poydevori zaif mamlakatlarda demokratiyani o’rnatib bo’lmaydi. AQShning Iroqdagi siyosati bunga yaqqol misol.

AQShning O’zbekistondagi sobiq elchisi, endilikda Davlat departamentining qayta tiklanish va barqarorlashtirish ishlari bo’yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Xerbstning aytishicha, Iroq kabi zaif mamlakatlarga yordam berish uchun uning idorasi qo’shimcha 248 million dollar so’ragan. Pul muhandislar, tibbiyot xodimlari, me’morlar kabi mutaxassislarni tayyorlashga sarflanadi.

"Qayta qurishga qo’l urishdan oldin vaziyatni mukammal o’rganish, loyihaning davomiyligini hisoblab chiqish, ishni samarali va puxta bajarib o’zga yurtni tark etish uchun nima qilinishi kerakligni aniq bilishimiz kerak," deydi Xerbst.

Brukingz Instituti 141 mamlakatni, jumladan jahonda eng zaif hisoblangan Afg’oniston, Iroq va Afrikaning sakkiz davlatini o’z ichiga olgan maxsus hisobot chiqargan. Somali qulash arafasida turgan davlatlar ro’yxatida birinchi o’rinda turibdi.

Biroq intervensiya tarafdori bo’lmish kongressmen Adam Smit AQSh Somaliga kirsin deyishga shoshilmayapti.

"Somalida davlat boshqaruvini tiklash mushkul ish deya tan oladi u. Ba’zi hollarda jahon hamjamiyati va Qo’shma Shtatlar bu kabi mamlakatlarga kirmasdan, ulardagi beqarorlikning atrofga tarqalishining oldini olishi maqsadga muvofiq bo’ladi," deydi amerikalik qonunchi.

XS
SM
MD
LG