Irq va jins AQSh prezident saylovlarida nozik masala


AQShda prezidentlikka nomzodlar saylovchi ko’nglini turli yo’llar bilan ovlaydi.

Irq, jins va din saylov natijasini belgilovchi muhim omillar. Nomzodlar saylov strategiyasini ana shu faktorlar asosida rejalaydi.

Demokratik Partiyadan Oq Uy uchun kurashayotgan ikki nomzodning biri qora tanli, ikkinchisi ayol. Tarixda bunga guvoh bo’linmagan.

Prezidentlikka nomzod Barak Obama yanvar oyida Janubiy Karolinaga, saralash sayloviga yo’l olganida, ommaviy so’rovlar bu shtatdagi qora-tanli demokratlarning 60 foizi unga ovoz berishini ko’rsatgan edi.

Ammo saylovlar o’tgach, senator Obamaga 80 foiz saylovchi ovoz bergani ma’lum bo’ldi. Sharhlovchilar buni “o’xshashlik” siyosatining natijasi deb tushuntiradi.

Odamlarning o’ziga o’xshaganlar bilan til topishishi va ularga yordam berishi tabiiy hol, deydi Mark Roum, Jorjtaun Universiteti professori.

"O’xshashlik siyosati deb nomzodga irqi, jinsi yoki etnik kelib chiqishiga qarab ovoz berishni aytamiz. Ya’ni sizga o’xshagan nomzodlarni tanlash bu".

Ushbu mavzu saylovoldi kampaniyasida turli bahsu-munozaralarga sabab bo’lib kelmoqda. Sal avval sobiq prezident Bill Klinton senator Barak Obamani boshqa bir qora tanli nomzodga taqqoslagan edi.

"Jessi Jekson Janubiy Karolinada ikki marotaba, 1984 va 1988 yillarda g’olib bo’lgan. Senator Obama ham yaxshigina kampaniya yuritmoqda",- degan edi Klinton.

Obama AQShdagi turli etnik guruhlarga ma’qul tushgan ilk qora tanli nomzod. Bill Klintonning so’zlari, deydi ba’zi saylovchilar, Obama nomzodini kamsitishni maqsad qilgan.

Deyvid Bositis siyosiy va iqtisodiy tadqiqotlar markazida tahlilchi. Afro-amerikaliklarlar hayoti bilan bog’liq mavzularni o’rganadi.

"Oq tanli saylovchilarni faollikka undash uchun irq omili ishga solinsa, qora tanli aholidan ham shuni kutavering",- deydi Bositis. "Ular birlashib, qora tanli nomzodga ovoz beradi, albatta".

Oq Uy uchun kurashayotgan boshqa siyosatchilarning kampaniyasida ham shu manzara.

Senator Xillari Klinton Demokratik Partiyadan nomzodlikni qo’lga kiritmoqchi. Demokrat ayollar, ayniqsa o’rta yoshli avlod vakillari, bu imkoniyatni boy bermoqchi emas, deydi professor Mark Roum.

"Amerika ayollari Xillari Klintondek o’zlariga o’xshash nomzodni anchadan beri kutayotgan edi".

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn esa, deydi tahlilchilar, saylovchilarga ishonch va mardlik haqida vaz qilmoqda. Makkeyn Amerika g’ururi, xavfsizlik va harbiy salohiyat kabi tushunchalariga urg’u beryapti.

Nomzodlar va siyosiy partiyalar, deydi siyosatdonlar, ovoz to’plash uchun har qanday strategiyani qo’llashga tayyor.

XS
SM
MD
LG