Yevropa Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini ko'rib chiqmoqda


Ashgabatda uchrashuvda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo`yicha komissari, blokning amaldagi prezidenti va Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili, shuningdek, mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirok etmoqda.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar komissari Benita Ferrera-Valdner fikricha, Yevropa va Markaziy Osiyo bir-biri uchun muhim hamkorlar.

Ashgabatdagi uchrashuvda ittifoq tomonidan 2007 yil iyulida qabul qilingan “Hamkorlikning yangi strategiyasi” muhokamada.

Dastur iqtisodiy, energetika, xavfsizlik, ekologiya, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini shakllantirish kabi qator sohalardagi hamkorlikni nazarda tutadi.

2007-2013 yillarga mo`ljallangan dastur doirasida mintaqaga 750 million yevro ajratilishi kutilmoqda.

Sharhlovchilar fikricha Yevropa Ittifoqi moddiy yordam ko`rsatishda inson huquqlari ahvolini yaxshilash yoki demokratik islohotlar o'tkazishni shart qilib qo`yayotgani yo`q. Aloqalar asosan energetik xavfsizlik nuqtai-nazaridan olib borilmoqda.

Ittifoq Andijon fojialari ketidan rasmiy Toshkentga sanksiyalar joriy etgan edi. Hozirga kelib, asosan, qurol-yarog` sotishni taqiqlovchi sanksiya kuchda qolgan.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxun so’zlariga ko`ra, Ashgabatdagi yig`ilishda inson huquqlari baribir tilga olinadi, ammo amaliy natija kutib bo'lmaydi.

“Bir yildan beri kuzatib borayapmiz. O`zbekistonning G`arb va AQSh bilan munosabatlarida bu masala ko’p muhokama qilinadi. Lekin amaliy chora ko`rish uchun na AQSh va na Yevropa talab qo`ymoqda. Hozir ham biror ijobiy natija bo`lishiga ishonch kam”, - deydi u.

Po`lat Oxun so’zlariga qaraganda, Yevropa Ittifoqining yaqin yillardagi siyosati asosan iqtisodiy va energetik xafsizlikni ta`minlashdan iborat bo`ladi.

“Yevropa Ittifoqi iqtisodiy aloqalarni rovojlantirishga katta e`tibor berayapti. Siyosiy reformalar esa e`tibordan chetda qolayapti. Bu esa kelajakda Yevropa Ittifoqi strategiyasi mag`lubiyatga uchrashiga sabab bo`lishi mumkin. Chunki qilinayotgan yordam, siyosiy o`zgarish va shartlar bilan kuzatilmasa, uzoqqa bormasligi mumkin”, - deydi Oxunov.

Sharhlovchilar so`nggi paytda G`arb-O`zbekiston aloqalarida siyosiy iliqlik kuzatmoqda.

Bir necha huquq himoyachisi qamoqdan ozod etilgan, biroq yana o`nlab siyosiy mahbuslar panjara ortida qolmoqda.

Yaqinda shoir Yusuf Juma ustidan sud jarayoni boshlandi. Hukumatga nisbatan noroziligini ochiq-oydin aytib tanilgan shoir hukumat vakilini haqorat qilganlik va tan jarohati yetkazganlikda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG