Breaking News

Dunyo xavfsizligini ta'minlash kimning ishi?


Mojaro, korrupsiya va qashshoqlik domidagi jamiyatlar… Yo’qsillikdan qiynalayotgan mamlakatlarda beqarorlik vujudga kelishi tabiiy hol.

Vaziyatni o’nglash esa aksariyat hollarda xalqaro hamjamiyat zimmasiga yuklanadi. Tinchlik missiyalari millionlab dollar mablag’ talab qiladi. Intervensiya, ya’ni tashqi aralashuvlar har doim ham samara beravermaydi.

Kosovoda politsiyachilar tayyorgarlikdan o’tmoqda va yaqin kelajakda NATO qo’shini o’rnini egallashi kerak.

”Yevropaliklar va’dasining ustidan chiqayotgan ko’rinadi. Bu jarayon davom etadi degan umiddaman”, - deydi Kosovo politsiya boshqarmasi xodimi G'ani Berisha.

NATO ilk bor Kosovoga 1999 yilda, alban aholini serblardan himoya qilish uchun kirgan edi. Yil boshida Kosovo mustaqillik e’lon qilgach, yana zo’ravonlik avj oldi. Mahalliy aholi serblardan o’ch olishga kirishadi degan xavotirlar paydo bo’ldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham jahon bo’ylab 20 mamlakatda 140 mingdan ziyod tinchlikparvarlik kuchlarini safarbar etgan. Bu missiyalar xarajati kundan-kunga oshib bormoqda, deydi Jeyn Xol Lyut, tashkilot bosh kotibi muovinlaridan biri.

”Tashkilotga 2003 yilda kelganimda byudjetimiz 1,8 milliard dollar edi. Bugun esa qariyb 7,5 milliard dollar”,- deydi BMT rasmiysi.

Tanqidchilar tinchlikparvarlik missiyalari uzoq muddatli va qimmat deya noliydi. Lekin, deydi Lyut xonim, ular mojarolarning oldini olishda ko’pincha samara beradi.

Ammo Iroqdagi ahvol buning aksi. Tahlilchilar nazarida AQSh istilosi mamlakatga beqarorlik olib keldi. Besh yil o’tibdi hamki qonli hujumlar to’xtamayapti. Prezident Bush nazarida Iroq albatta oyoqqa turadi va mustahkam demokratiyaga aylanadi.

Kristofer Prebl, Kato siyosiy tadqiqotlar instituti xodimining aytishicha AQShning Iroqdagi tajribasi boshqalarga dars bo’ladi.

“Xulosa shuki, bu kabi missiyalar doimo xavfga to’la. Sabablari esa bir dunyo. Kopincha harbiy aralashishga hech qanday hojat yo’q. Kelishmovchililarni boshqa usullar bilan hal qilsa bo’ladi”,- deydi olim.

AQSh kongressmeni Adam Smit Vakillar Palatasining qurolli kuchlar qo’mitasi a’zosi.

"Armiyani ishga solishdan oldin", - deydi u, "ittifoqchilar bilan maslahatlashish zarur toki javobgarlik va xarajatlar barchaga teng ravishda yuklansin. Dunyo hamjamiyati o’zaro hamkorlik qilsa, hamma yutadi",- deydi kongressmen.

XS
SM
MD
LG